Gunoh — (fors - jinoyat, ayb; asli shu maʻnodagi arab. "junoh" soʻzidan olingan) diniy axloqiy tushuncha. Diniy aqidalarga xilof ish yoki xatti-harakatni bildiradi. Gunoh tushunchasi qadimda turli taqiqlarni buzuvchi, axloqsiz odamning harakati maʼnosida qoʻllanilgan. Gunoh tushunchasi barcha dinlarga xos. Ularning hammasida gunoh ishlar qoralanadi.

IslomdaTahrirlash

Islom dinida shirk, yaʼni Allohni butunlay inkor etish yoki unga teng keladigan boshqa ilohiy kuchlar bor deb eʼtiqod qilish eng katta gunoh hisoblanadi. Shirkni Alloh kechirmaydi. Ammo undan boshqa katta va kichik gunohlarni xohlaganicha kechirishi yoki maʼlum meʼyorda jazolashi mumkin. Katta gunohlarning adadi toʻgʻrisida islom manbalarida turlicha fikrlar aytilgan. Ota-ona qargʻishini olish, sehr-jodu bilan shugʻullanish, qotillik, zino, yolgʻon guvoxlik berish, oʻgʻrilik, chaqimchilik, qimorbozlik, riyokorlik, firibgarlik, harom qilingan narsalarni isteʼmol qilish, dilozorlik va h. k. katta Gunoh hisoblanadi. Baʼzi islom ulamolari katta gunohlar sonini 300 tagacha sanab oʻtishgan. Kichik gunohlar esa behisobdir.[1]

ManbalarTahrirlash

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil