Tagal tili, tagalo, tagalog — avstronez tillari makrooilasiga mansub Filippin tillaridan biri; dastlab Filippin Respublikasining eng muhim siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi boʻlmish Luson orolining oʻrta va jan. qismida, keyinchalik orolning shim.gʻarbiy qismlari va Lusondan janubidagi boshqa orollarda tarqalgan. Soʻzlashuvchilarning umumiy soni 15 mln. kishiga yaqin. Tagal tili mustamlaka davrigacha qabilalararo til, 20-asr boshidan umummilliy til maqomida boʻlib, 1959-yil „pilipino“ (filippin tili) degan nom olgan. 1973-yilda esa ingliz tili bilan bir qatorda Filippin Respublikasining rasmiy tili deb eʼlon qilingan. Lahjalari 10 dan ortiq boʻlib, ular tagallarning tarqalish hududiga moye holda manila, bataan, bulakan, batangas kabi nomlarga ega; leksika va imlo boʻyicha oʻzaro farqlanadi. Adabiy tili manila lahjasi asosida shakllangan. Tagal tili 100 dan ortiq Filippin tillari orasida 20-asr boshigacha adabiy til sifatida shakllangan yagona tildir. Fonetikasida 5 unli va 16 undosh fonema mavjud. Otlarga nisbasan feʼllarda morfologik kategoriyalar (zamon, nisbat) yaxshi rivojlangan. Gapda soʻz tartibi belgilovchi ahamiyatga ega emas. Leksikasida ispan, ingliz, xitoy, arab, hind tillaridan oʻzlashgan soʻzlar koʻp. Tagal tili mustamlaka davrigacha qad. hind yozuvidan kelib chiqqan boʻgʻinli yozuvdan foydalangan. 17-asr boshlaridan lotin grafikasi asosidagi yozuv joriy etilgan.

Tagal tili
Milliy nomi Wikang Tagalog
Rasmiylik holati Filippin
Soʻzlashuvchilarning umumiy soni 23 600 000
Turkumlanishi
Til oilasi avstronez
Alifbosi lotin
Til kodlari
ISO 639-1 tl
ISO 639-2 tgl
ISO 639-3 tgl