Odam konstitutsiyasi
Odam konstitutsiyasi, tana konstitutsiyasi (qomati) – odam organizmining oʻziga xos alohida morfologik va funksional xususiyatlari majmui. Tabiiy va irsiy omillarga bogʻliq. Odam konstitutsiyasi tabiat va maʼlum bir jamiyat tuzumi taʼsirida oʻziga xos morfologik va fiziologik xususiyatlarga ega boʻlgan individual belgilar yigʻindisidan vujudga keladi. Odam qomati oʻz avlodi (nasli)dan orttirgan asosiy xususiyatlari zaminida rivojlanadi. Odam konstitutsiyasining har xil boʻlishi nasliga, tashqi muhit taʼsiriga, ijtimoiy sharoitga, kasbiga va iqtisodiy ahvoliga bogliq. Odam konstitutsiyasi morfologiktuzilishiga qarab 3 turga ajratiladi: a) keng yelkali past boʻylilar; bunday odamlarning yelkalari keng, gavdalari vazmin, baquvvat va tiqmachokdek, qorinlari koʻkragiga nisbatan katta, tananing koʻndalang oʻlchami boʻyicha nisbatan uzunroq boʻladi; b) uzun boʻyli, tor koʻkraklilar – boʻylari uzun, organizmi zaifroq, vazni yengil, qoʻl va oyoklari uzun, koʻkraklari qorin qismidan katta; v) oʻrta boʻylilar – past va uzun boʻylilar oraligidagi odamlar.
Odamning qomati uning ichki aʼzolari tuzilishiga ham taʼsir qiladi, jumladan, past boʻyli odamlarning diafragmasi yuqori, uzun boʻylilarda esa hamma aʼzolar hajmi kichik va pastroq joylashgan boʻladi.[1]
Manbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |