Tarixi anbiyo va hukamo“ — Alisher Navoiy qalamiga mansub asar. Anbiyolar, avliyolar, ilm egalari va donishmandlar tarixini o‘rganishga bag‘ishlangan. Asar ikki bo‘limdan iborat bo‘lib, dastlab „Tarixi anbiyo“ — payg‘ambarlar tarixi, so‘ng „hukamo“ — hakimlar va donishmandlar haqidagi ma‘lumotlar keltiriladi. Kitobda ilk payg‘ambar Odam atodan boshlab, 59 ta payg‘ambarlar va valiylar, 4 ta obid va 13 ta olim haqida to‘xtalib o‘tilgan[1]. Asarda dastlabki paydo bo‘lgan iudaviylik, nasroniylik va islom dinining payg‘ambarlari va ularga xos qimmatli maʼlumotlar keltirib o‘tilgan. Payg‘ambarlar bilan bog‘liq qissalarda Qur‘oni karim oyatlariga murojaat qilingan Alisher Navoiy asarda anbiyolarni to‘rtta guruhga ajratadi. Dastlabki guruh mursal payg‘ambarlar bo‘lib, ularga farishta Jabroil vositasida vahiy kelgan. Navoiy bu guruhga Idris, Yofas, Som, Ismoil, Is‘hoq, Ya‘qub, Xizr, Yunus kabi payg‘ambarlarni misol qilib keltiradi. G‘ayri mursal payg‘ambarlar ilhom yoki tushdagi bildirilgan vahiy orqali yo‘l ko‘rsatgan payg‘ambarlardir. Muqaddas kitoblar nozil bo‘lgan ulul-azm payg‘ambarlari Muso, Iso binni Maryam, Ibrohim kabilardir. Eng so‘nggi payg‘ambar xotam payg‘ambar bo‘ib, bu Muhammaddir.

Filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboyev Nosiriddin Rabg‘uziyning „Qissasi Rabg‘uziy“[2] asariga yozgan taqrizida shunday fikrlarni keltirib o‘tgan: "Ushbu asar 72 qissadan iborat bo‘lgani uchun „Qisas“, ya‘ni qissalar nomi bilan yuritiladi. Asarning dastlabki qissasi kosmogoniya, ya‘ni Yer, suv, borliq va mavjudotlarning yaratilishiga oid bo‘lib, ularning Yagona Yaratuvchisi haqida so‘z yuritiladi, uning qodir qudratini ulug‘laydi. So‘ngra esa nabilar tarixi beriladiki, bu tarix ma‘lum ma‘noda Alisher Navoiyning „Tarixi anbiyo va hukamo“ asarining yaratilishiga sabab bo‘lgan". Navoiy bu asarni yozishda oʻzidan ilgari paygʻambarlar haqida asarlar yozgan yozuvchilar ishlarini oʻrgangan.

Asarning ikkinchi qismida mashhur obidlar, hakimlar, olimlar zikri keltirilgan. Luqmoni hakim, Suqrot, Aflotun, Aristotolis, Jolinus, Batlimus, Noshiravoni va uning vaziri Buzurjmehr haqida ma‘lumotlar keltirilib, ularning hayotlik vaqtlarida aytgan o‘gitlari-yu hikmatlaridan misollar keltirilgan.

Manbalar

tahrir
  1. Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to`plami. Toshkent: "Fan" nashriyoti, 2000. 
  2. Nosiruddin Rabg`uziy. "Qisasi Rabg`uziy". Toshkent: "Yozuvchi" nashriyoti, 1991.