Tender (ing. tend — xizmat koʻrsatish) — 1) ochiq turdagi (ochiq T.) yoki cheklangan sondagi ishtirokchilar uchun yopiq turdagi (yopiq T.) raqobatli savdosotiq; buyurtmani joylashtirishning tanlov shakli; 2) qimmatli qogʻozlarga obuna boʻlish, muddatli shartnoma boʻyicha tovarlar yetkazib berish, shartnomalar tuzish toʻgʻrisidagi ariza, yozma taklif; 3) xalqaro bozorda mashinauskunalar xarid etish, qurilishmontaj ishlarini bajarish, injiniring xizmatlari koʻrsatish uchun tanlov asosida buyurtmalar berish. Oʻzbekiston iqtisodiyotida bozor munosabatlarini shakllantirishda va rivojlantirishda T. keng qoʻllaniladi. Davlat tasarrufidan chiqarilgan korxonalar aksiyalarining yirik paketlarini sotishda, katta qurilish ishlarini olib borishda, xalqaro loyihalarini amalga oshirishda T. eʼlon qilinadi. Savdoni tashkil etish uchun vaqtinchalik organ boʻlgan T. qoʻmitasi tuziladi.