Eagles (talaffuzi: Iglz; tarjimasi„Burgutlar“) 1971-yilda Los Angeles shahrida tuzilgan rock guruhidir. 1970-yillarda Shimoliy Amerikaning eng muvaffaqiyatli musiqiy guruhlaridan biri boʻlgan. Guruhning hozirgi tarkibi Don Henley, Joe Walsh, Timothy B. Schmit va Vince Gilldan iborat.

Eagles
Eagles guruhi 2008-yilda Chapdan oʻngga: Glenn Frey, Don Henley, Joe Walsh, Timothy B. Schmit
Eagles guruhi 2008-yilda
Chapdan oʻngga: Glenn Frey, Don Henley, Joe Walsh, Timothy B. Schmit
Umumiy maʼlumot
Kelib chiqishi Los Angeles, Kaliforniya, AQSh
Mamlakat AQSH bayrogʻi AQSh
Faoliyat yillari
  • 1971–1980
  • 1994–2016
  • 2017–hozirgacha
Janr
Leybl
  • Asylum
  • Geffen
  • Polydor
  • Lost Highway
Tarkib
Sobiq aʼzolar
Vebsayt eagles.com

Guruhning birinchi studiyaviy albomi Eagles, deb nomlanib, 1972-yilda eʼlon qilinadi. Albomga kiritilgan ikki tarona („Take It Easy“ va „Witchy Woman“) AQSh va Kanada musiqa chartlarida yuqori yigirmatalik safidan oʻrin egallaydi. Keyingi yili guruh Desperado nomli albomini omma eʼtiboriga havola etadi. Albomga kiritilgan „Desperado“ ashulasi ommalashishiga qaramay, albom AQShda 41-pogʻonagacha koʻtariladi. 1974-yilda guruhga gitarachi Don Felder qoʻshilganidan soʻng, guruh On the Border nomli albomini chiqaradi. Albomga kiritilgan „Already Gone“ ashulasi chartlarda yuqori 40 talik safidan joy egallaydi. „Best of My Love“ ashulasi esa AQSh va Kanada chartlarida birinchi pogʻonagacha koʻtariladi. 1975-yilda guruhning One of These Nights nomli yangi albomi chiqadi. Albom AQShda birinchi pogʻonagacha koʻtariladi, koʻplab mamlakatlar musiqa chartlarida esa yuqori oʻntalikka kiradi. Albomga kiritilgan „One of These Nights“ qoʻshigʻi AQShda birinchi pogʻonani egallaydi. „Lyinʼ Eyes“ va „Take It to the Limit“ taronalari esa yuqori beshtalikka kirishga muvaffaq boʻladi. Shuningdek, 1975-yilda guruhga Leadon oʻrniga gitarachi va vokalchi Joe Walsh qoʻshiladi.

1976-yilda guruh Their Greatest Hits (1971–1975) nomli albomini eʼlon qiladi. Albom birgina AQShning oʻzida 38 milliondan ortiq nusxada sotilib, AQSh tarixida eng koʻp sotilgan albomga aylanadi. Shu yili guruh Hotel California albomini ham chiqaradi. Bu albomning ham savdosi chaqqon boʻlib, AQShning oʻzida 26 milliondan ortiq nusxada (AQSh tarixida uchinchi eng koʻp sotilgan albom), umumjahon boʻylab esa 32 milliondan ortiq nusxada sotiladi. Albomga kiritilgan „New Kid in Town“ va „Hotel California“ ashulalari AQSh va Kanada musiqa chartlarida eng yuqori pogʻonagacha koʻtariladi.

1977-yilda guruhga Meisner oʻrniga Timothy B. Schmit qoʻshiladi. Eagles guruhi 1979-yilda The Long Run nomli oltinchi studiyaviy albomini ommaga taqdim etadi. Albomga kiritilgan „Heartache Tonight“ taronasi Shimoliy Amerikada birinchi pogʻonagacha koʻtariladi, „The Long Run“ va „I Canʼt Tell You Why“ taronalari esa yuqori oʻntalikka kiradi. 1980-yilga kelib, Eagles tarqalib ketadi, biroq 1994-yilda Hell Freezes Over albomi uchun qayta birlashadi. 2007-yilda guruh Long Road Out of Eden nomli albomini eʼlon qiladi. Albom AQShda oltinchi pogʻonaga qadar koʻtariladi. 2008-yilda guruh albomni targʻib qilish maqsadida turnega chiqadi.

Eagles jahondagi eng muvaffaqiyatli musiqa guruhlaridan biridir. Koʻplab mukofotlarga, jumladan olti marotaba Grammy, besh marotaba American Music Awardga sazovor boʻlgan. Shu kungacha guruhning birgina AQShning oʻzida 100 milliondan oshiq[1], umumjahon boʻylab esa 200 milliondan oshiq audioyozuvi sotilgan[2]. Shuningdek, guruh 1998-yil „Rock and Roll shon-sharaf zali“ (inglizcha: Rock and Roll Hall of Fame) ga kiritilgan. Bundan tashqari, Rolling Stone jurnali tomonidan 2004-yilda tuzilgan „Tarixdagi 100 eng buyuk xonanda“ (inglizcha: 100 Greatest Artists of All Time) roʻyxatida 75-oʻringa loyiq topilgan[3].

Guruh tarkibi tahrir

Xronologiya tahrir

Xronologiya (turne aʼzolari) tahrir

Diskografiyasi tahrir

Studiyaviy albomlar

Manbalar tahrir

  1. „Central Vermont Arts Preview“ (2019-yil 28-sentyabr). Qaraldi: 2019-yil 28-sentyabr.
  2. „Gold's Hall of Fame: Eagles“. Gold (2019-yil 5-sentyabr). Qaraldi: 2020-yil 3-sentyabr.
  3. „100 Greatest Artists – 75 > Eagles“. Rolling Stone. № 946. April 15, 2004. 2018-06-12da asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: October 27, 2007.
  4. Rolli, Bryan „Eagles Announce Deacon Frey's Departure“. Ultimate Classic Rock (2022-yil 6-aprel). Qaraldi: 2022-yil 3-may.

Havolalar tahrir