Tillashayx masjidi — Toshkentlik mashhur shayx Tillashayx tomonidan, XIX asrning oxiri — XX asrning boshida, aniqrogʻi 1890—1902-yillarda bunyod etilgan. Tillashayx masjidi biroz vaqt faoliyat yuritgandan soʻng Rossiya imperiyasi tomonidan yopib qoʻyilgan. Masjid 1945-yil 7-mayda qaytadan ochilgan. Masjid 1955—1963-yillarda usta Shirin Murodov tomonidan taʼmirlangan. 2007-yil Hastimom majmuasi bunyod etilgan davrda meʼmoriy obida atrofidagi eʼtiborga molik obidalar ham taʼmirlandi.

Shayx haqida tahrir

Tillashayx Xoʻja Ubaydulla Ahror avlodlaridan boʻlib, Toshkentning Parchabof mahallasida tugʻilgan. U yoshligidan savdo-sotiq ishlari bilan shugʻullangan va keyinchalik taqvodor savdogar boʻlib yetishadi. U Xitoydan qoʻy olib kelib sotish bilan shugʻullanib, bir yillik foydasidan ushbu masjidni bunyod ettirib, moʻmin-musurmonlarga inʼom etadi. Tillashayx shoʻrolar davrida oʻz oilasi bilan Sharqiy Turkistonga ketishga majbur boʻladi va oʻsha yerda vafot etadi. Uning vafot etgan yili maʼlum emas.

Ichki va tashqi koʻrinishi tahrir

Meʼmoriy obida oʻzining dizayni bilan oʻz davrida qurilgan boshqa masjidlardan ajralib turgan. Inshoot toʻrtburchak tarhli, gumbazsimon, masjidning ikki yonida uncha katta boʻlmagan minoralar boʻlib, masjidga arkasimon qilib qurilgan ayvon orqali kiriladi. Arkalar soni 3 ta. Masjidning tashqi tomoni bezaklardan holi boʻlib, uning ikki yonida masjidga yorugʻlik tushishini taʼminlash uchun derazalar (18 ta) oʻrnatilgan. Masjidning ichki tarzi tashqi tarzidan mutlaqo farq qiladi, undagi ganch naqshlar, gulli bezaklar insonni beihtiyor oʻziga jalb qiladi. Masjid ichidagi gumbazosti naqshlar ham oʻzining nafisligi bilan boshqalaridan ajralib turadi. Masjidni yoritish maqsadida qandillar ham oʻrnatilgan. Ushbu inshoot milliy meʼmorchilik anʼanalarini oʻzida mujassamlashtirgan, „Chor“ uslubda, eshiklari esa xotamkori uslubida bunyod etilgan. Meʼmoriy obidaning oʻziga xos tomoni shundaki, uning tashqi tarzida hech qanday bezaklarni koʻrmaymiz, ammo masjidning ichki va tashqi qismi esa bezaklarga boyligi bilan ajralib turadi.

Bugungi kunda tahrir

Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqillikka erishgach, koʻplab meʼmoriy obidalar qatori, Tllashayx masjidi ham taʼmirdan chiqdi. Xususan, Hastimom majmuasi bunyod etilgan davrda (2007-yil) meʼmoriy obida atrofidagi eʼtiborga molik obidalar ham taʼmirlandi. Qolaversa, masjid UNESCO tashkiloti tomonidan Butun Jahon yodgorliklari roʻyxatiga kiritildi.

Manbalar tahrir

  1. Tillashayx masjidi haqida maʼlumot[sayt ishlamaydi]
  2. Akbar Zamonov. Tarix fanidan olimpiadaga tayyorlanamiz kitobi[sayt ishlamaydi]

Havolalar tahrir