Tish abssessi
Tish abssessi – infeksiyalar natijasida tishda yiringning mahalliy toʻplanishi. Uning eng keng tarqalgan turi bu periapikal abssess. Undan keyingi oʻrinda periodontal abbsess turadi. Kasallik asosan, tishning yumshoq pulpasini bakteriyalar zararlashi natijasida kelib chiqadi. Tishda bakteriyalarning uzoq vaqt mobaynida toʻplanib qolishi, parchalangan, singan tish boʻlaklari milklar orasida qolib ketishi, periodontal kasalliklar hamda ularning kombinatsiyasi oqibatida ham tishlarda abssess rivojlanadi. Kasallangan tish ildizini notoʻgʻri davolash ham abssessga sabab boʻladi.
Tish abssessi | |
---|---|
Kariesga uchragan tish. Tish ildizi atrofida periapikal abssess hosil bo'lgan. | |
Tish kasalligi |
Klassifikatsiyasi
tahrirTish abssessining asosiy turlari:
• Periapikal abssess – mahalliy infeksiyaning tish ildizi uchida yoki atrofida boʻlishi. Surunkali kechadi.
• Periodontal abssess – tishning periodont qismi zararlanishi.
• Gingvial abssess – Tish milkining zararlanishi. Tishning oʻzi yoki periodontga taʼsiri yoq.
• Perikoronal abssess – tish tojini oʻrab turadigan yumshoq toʻqimalarning zararlanishi[1].
Simptomlari
tahrirBemorlarning asosiy shikoyati tishlarda doimiy va oʻtkir ogʻriq boʻlib, issiq, sovuq va bosim taʼsirida ogʻriq kuchayishi bilan tavsiflanadi. Kasallangan tish atrofi toʻqimalari shishgan va sezgir boʻladi. Shishlar tish milki, tish ildiz atrofi va yanoqlarda ham kuzatiladi. Oʻtkir abssess boshlanishida tishlarda shish boʻlgani bilan ogʻriqsiz kechishi mumkin. Bunday holatlarda bemorning befarqligi kasallikning surunkali tarzda kechishiga olib keladi. Surunkali kasallikda shish atrof toʻqimalarga ham tarqay boshlaydi. Tish abssessi suyakni teshib chiqib, boshqa toʻqimalarga tarqalishi, yuz terisi ostida mahalliy shish yuzaga keltirishi mumkin. Baʼzi holatlarda boʻyindagi limfa bezlariga ham tarqalib, kasallik jiddiyroq tus ola boshlaydi. Bemor kasallangan tishdan infeksiya tarqalgan yuz sohasigacha kuchli ogʻriq va noqulaylik his qiladi[2] .
Oqibatlari
tahrirVaqtida bartaraf etilmagan abssess borgan sari yoyilib, yuz suyaklarigacha tarqaladi va osteomiyelit, sellulit kabi kasalliklar bilan bogʻlanib ketishi mumkin. Abssess tarqalishda qarshiliklar eng kam yoʻllardan boradi. Yaʼni abssess suyuqligi boshqa toʻqimalarga sizib chiqarkan tishning joylashish joyi, suyak, mushak va fassiyalarning qalinligiga qarab harakatlanadi. Shu sabab organizm va immunitet kuchli boʻlishi infeksion kasalliklar avj olishining oldini oladi. Kasallik ogʻirligiga qarab bemor yangi davo choralari bilan davolanishi yoki kasalxonaga yotqizilishi talab qilinadi. Zudlik bilan kasalxonaga yotqizilishi kerak boʻlgan holatlarga abssessning surunkali davrida kelib chiqadigan kasalliklar: Ludwig anginasi, nafas yoʻllarining berkilib qolishi, endokardit, meningit kabilar kiradi[3].
Diagnostikasi
tahrirDavolash amaliyotida periodontal abssess va periapikal abssess uchun alohida davo choralari qoʻllanadi. Periodontal abssessda yiring periodontal egatlar orqali chiqariladi. Periapikal abssessda esa tish uchiga yaqin joydan parulis orqali chiqarib yuboriladi[4]. Periodontal abssessda ogʻriqdan oldin shish kuzatiladi, periapikalda esa avval kuchli ogʻriq boshlanadi. Tish rentgenogrammasida dastlabki bosqichlarda abssess oʻchogʻi namoyon boʻlmaydi, keyinchalik oʻchoq hamda abssessning holatini yaqqol koʻrish mumkin[4].
Davosi
tahrirTish abssessini davolash infeksiya oʻchogʻini bartaraf qilishga qaratiladi. Odatda antibiotiklar va drenajlash yaxshi samara beradi[5]. Bundan tashqari zararlangan tishni qayta tiklash uchun ildiz kanali terapiyasi oʻtkazilishi mumkin. Qayta tiklanmaydigan holatlarda tish olib tashlanadi. Kattalashmagan abssesslar tish ildizini tozalab, oʻrnini toʻldirish bilan davolanadi[6].
Manbalar
tahrir- ↑ Rapini, Ronald P.; Bolognia, Jean L.; Jorizzo, Joseph L.. Dermatology: 2-Volume Set. St. Louis: Mosby, 2007. ISBN 978-1-4160-2999-1.
- ↑ „Fistulas“. medlineplus.gov. Qaraldi: 2022-yil 18-noyabr.
- ↑ „Fistulas“. medlineplus.gov. Qaraldi: 2022-yil 18-noyabr.
- ↑ 4,0 4,1 Fan, Kathleen FM; Jones, Judith. OSCEs for dentistry, 2nd, new and updated, 2nd: PasTest Ltd., 2009 — 68-bet. ISBN 978-1-905635-50-4.
- ↑ „Dental abscess - Management“. Clinical Knowledge Summaries. 2011-yil 27-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 1-mart.
- ↑ Neville, Brad W.. Oral and Maxillofacial Pathology, 1st, Saunders, 1995 — 104–5-bet. ISBN 978-1-4160-3435-3.