Retikulyar formatsiya

(To'rsimon Tuzilmadan yoʻnaltirildi)

Retikulyar formatsiya (lot reticulum — toʻr va formatio — tuzilma), toʻrsimon tuzilma — bosh miyaning markazida (uzunchoq va oʻrta miyada, koʻrish doʻmboklarida) joylshagan maxsus tuzilmalar majmui. Markaziy nerv sistemasining quyi va yuqori joylashgan sohalari, shu jumladan, katta yarim sharlar poʻstlogʻi qoʻzgʻaluvchanligi va tonusi darajalarini boshqaradi. Retikulyar formatsiya hosil qiluvchi neyronlar aksonlarining tuzilishi, uzunligi va kattakichikligiga koʻra turlichadir. Ularning tolalari chirmashib ketgan. "Retikulyar formatsiya" terminini nemis olimi O.Deyters kiritgan, u Retikulyar formatsiyaning fakat morfologik xususiyatlarini ifodalaydi. Retikulyar formatsiya orqa miya, miyacha, limbik sistema va bosh miya katta yarim sharlari poʻstlogʻi bilan morfologik va funksional jihatdan bogʻlangan. Retikulyar formatsiya sohasida unga kelayotgan afferent va efferent impulsi oʻzaro taʼsir koʻrsatadi. Natijada Retikulyar formatsiya neyronlari muayyan qoʻzgʻalgan holatda boʻladi. Bu esa markaziy nerv sistemasini tashqi muhitdan kelayotgan impulyelarni qabul qilishga tayyorlab turadi. Retikulyar formatsiya markaziy nerv sistemasining turli sohalariga pastga va yuqoriga yoʻnaluvchi taʼsir koʻrsatadi. Bu taʼsirlar, oʻz biologik mohiyatiga koʻra, tormozlovchi yoki qoʻzgʻatuvchi xususiyatga ega. Retikulyar formatsiyaning qoʻzgʻalishini bosh miya katta yarim sharlari boshkaradi.

Retikulyar formatsiyaning pastga yoʻnaluvchi taʼsiri. Retikulyar formatsiyada orqa miya reflektor faoliyatini tormozlovchi va yengillashtiruvchi sohalar bor. Miya ustuni turli sohalarining taʼsirlanishi bilan orqa miya reflekslarining oʻzaro bogʻliqligini dastlab I.M. Sechenov topdi (1862). 1944—46 yillarda amerikalik neyrofiziolog X. Megoun uz xodimlari bilan birga uzunchoq miya Retikulyar formatsiyasi turli qismlarining taʼsirlanishi orqa miyaning harakat reaksiyasiga yengillashtiruvchi yoki tormozlovchi taʼsir kursatishini aniqladi. Retikulyar formatsiyaning muskul tonusiga taʼsir etish mexanizmlarini shved olimi R. Granit ochib berdi.; U aksonlari introfuzal muskul tolalariga boradigan gammamotoneyronlar faolligiga ham Retikulyar formatsiya taʼsir etishini koʻrsatadi. Bu organizmning fazoda turli holatda boʻlishi va turlicha harakatlanishini boshqarishda muhim rol oʻynaydi.

Retikulyar formatsiyaning yuqoriga yoʻnaluvchi taʼsiri. Retikulyar formatsiyaning oraliq miyadan uzunchoq miyagacha boʻlgan turli qismlari miya poʻstlogʻining barcha boʻlimlariga qoʻzgʻatuvchi taʼsir etadi, yaʼni bosh miya katta yarim sharlarining barcha sohalarini qoʻzgʻatish jarayoniga jalb etadi. 1949-yilda italiyalik fiziolog J.Morutssi bosh miyaning bioelektrik faolligini tadqiq qilib, miya ustuni Retikulyar formatsiyasi taʼsirlanganda miyada uyqu vaqtida kuzatiladigan yuqori voltli sekin sinxron tebranishlarning tetiklik (uygʻoqlik)ka xos boʻlgan past amplitudali yuqori chastotali faollikka oʻtishini aniqladi. Bosh miya elektr faollining bunday oʻzgarishi hayvonlarda uygʻonish belgilariga xosdir.

Retikulyar formatsiya anatomik jihatdan markaziy nerv sistemasidagi asosiy oʻtkazuvchi yoʻllar bilan chambarchas bogʻliq. Uning qoʻzgʻalishi eksterotseptiv va interotseptiv afferent sistemalar yordamida amalga oshadi. Shu sababli koʻpgina olimlar Retikulyar formatsiyani bosh miyaning nospetsifik afferent sistemasi deb hisoblaydilar. Biroq Retikulyar formatsiya ishtirokida yuz beradigan reaksiyalarga kimyoviy preparatlar tanlab taʼsir koʻrsatishining kashf etilishi fiziolog P.K. Anoxinga Retikulyar formatsiyaning miya poʻstlogʻiga koʻrsatadigan yuqoriga yoʻnaluvchi taʼsiri spetsifik ekanligi haqidagi qonunlarni taʼriflashda yordam berdi. Organizmga yuborilgan narkotik moddalar Retikulyar formatsiya neyronlarini tormozlaydi va buning oqibatida ularning miya poʻstlogʻiga koʻrsatadigan yuqoriga yoʻnaluvchi (faollashtiruvchi) taʼsiri yoʻqoladi. Retikulyar formatsiya xususiyatlari, uning boshqa poʻstloq osti strukturalari va miya poʻstlogʻining barcha sohalari bilan oʻzaro munosabati oʻrganilishi ogʻriq, uyqu hamda uygʻoqlik va boshqa neyrofiziologik mexanizmlarni aniqlash imkonini berdi. Retikulyar formatsiya tadqiqotida farmakologik moddalarning qoʻllanishi markaziy nerv sistemasining qator kasalliklarini davolash mumkinligini koʻrsatadi. Bu esa endilikda tibbiyotning narkoz va boshqa muhim masalalarga yangicha yondashish imkonini beradi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil