Tolishmugʻon madaniyati
Tolishmugʻon madaniyati - jez va ilk temir davriga oid arxeologik madaniyat (mil. av. 14—7-asrlar). Ozarbayjonning Tolish togʻlari va Mugʻon dashtida tarqalgan. Qabristonlarni qazishda maʼlum boʻlgan. Tolishmugʻon madaniyatining togʻli zonalarida bir necha erkak va ayollar jasadi birga daxmalarga dafn etilgan. Juft va yakka qabrlar ham uchraydi. Jasadlar gʻujanak yoki choʻziq holda koʻmilgan. Tolishmugʻon madaniyatining past tekislik zonalarida tuproq qabrlar ochilgan. Ulardan jez va temir qurollar, har xil sopol idishlar, tilla va jez bezaklar hamda jezdan yasalgan hayvon shakllari topilgan. Tolishmugʻon madaniyatini yaratgan qabilalarning asosiy mashgʻuloti dehqonchilik, togʻlarda esa chorvachilik va metallsozlik boʻlgan. Dafn jihozlari va marosimlari patriarxal urugʻ jamoalarida mulkiy tabaqalanish boshlanganini aks ettiradi. Gʻarbiy Osiyo mamlakatlari bilan aloqasi boʻlgani kuzatiladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |