Tomditov
Bu maqolada manbalar <ref></ref> teglariga olinmagan yoki umuman koʻrsatilmagan. |
Tomditov — Markaziy Qizilqumdagi togʻ, deyarli kenglik boʻylab choʻzilgan. Shuvoqtov, Oqtov, Buzduastov, Muruntov, Qoratov kabi tizmalardan iborat. Bulardan eng balandi Oqtov tizmasi. Suvayirgʻich qismida (Oqtov) tekislangan yuzalar bor, yon bagʻirlari tik, vaqtincha suv oquvchi qisqa, baʼzida dara shaklidagi oʻzanlar bilan kesilgan etaklari tizmalardan yemirilib tushgan shleyf yotqiziqlari bilan krplangan. Gorst — antiklinal strukturaga ega. Turon plitasining gersin burmalanishi davrida shakllangan poydevorining yer yuzasiga chiqib qolgan va yangi tektonik harakatlar taʼsirida koʻtarilgan qismi burmalangan va metamorfizlashgan paleozoy davri slanets, ohaktosh, dolomit, granitlaridan tuzilgan. Iqlimi keskin kontinental, quruq va issiq. Yillik oʻrtacha temperatura 19°, yanvarning oʻrtacha temperaturasi —3,6°, eng past temperatura —33° gacha, iyulniki 27—30°, eng yuqori temperatura 46—48° ga koʻtariladi. T.ning yon bagʻirlari va etaklarida boʻz, qoʻngʻir, qumli choʻl tuproklarida asosan, shuvoq, boyalich, arpagʻon va boshqa oʻsimliklar oʻsadi. Ulardan yaylov sifatida foydalaniladi. T.da ohaktosh, marmar, boksit, oltin va boshqa qazilma boyliklar ochilgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |