Toshkent milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi
Toshkent milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi — balet artistlari va raqqos(a)lar tayyorlovchi maxsus oliy oʻquv yurti. 1947-yil Xoreografiya bilim yurti sifatida tashkil boʻlgan. 1997-yildan hozirgi nomda. Tashkilotchisi va birinchi direktori Matyusuf Xarratov (1947-58). I. Dovgelli, L. Zass, R. Karimova, M. Turgʻunboyeva va boshqa birinchi pedagoglardir. Oliy maktabda oʻrta maxsus taʼlim tizimi saqlangan holda, oliy boʻgʻinda oliy maʼlumotli bakalavrlar tayyorlanadi. „Xoreografiya pedagogikasi“, „Baletmeyster-rejissyor“, „Xoreografiya jamoalari rahbarlari“ mutaxassisliklari boʻyicha talabalar tahsil oladi. Maktabda mumtoz raqs, oʻzbek raqs, xalq sahna raqsi fanlari, „balet artisti“ boʻlimida duet mumtoz raqs chuqur oʻrgatiladi. Osiyo qitʼasidagi shu soha boʻyicha yagona oliy oʻquv yurti xisoblanadi. Oʻtgan davr mobaynida maktabdan Qunduz Mirkarimova, R. Karimova, G. Hamroyeva, G. Mavayeva, Yu. Ismatova, D. Jabborova, V. Oqilova, F. Solihova, Oʻ. Muxamedova, Z. Madrahimova kabi respublikamizning yetuk raqs ustalari yetishib chiqqan. Fransiya, Yaponiya, Turkiya, Germaniya, Lotin Amerikasi mamlakatlari, Jan. Koreya, Rossiya, Qozogʻiston kabi xorijiy davlatlar bilan oʻzaro hamkorlik, madaniyijodiy aloqalar oʻrnatilgan. Ularning yirik xoreograflari, balet maktablari bilan tajriba almashuv, „Master klass“lar oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgan. R. Karimova, Q. Mirkarimova, G. Mavayeva, I. Kiborkova, A. Moʻminov kabilar maktabning yetakchi pedagoglaridir.[1]
Turi | oliy maktab |
---|---|
Asos solingan sanasi | 1947-yil |
Joylashuvi |
Toshkent , Oʻzbekiston |
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |