Transliteratsiya
Transliteratsiya (lotincha: trans — „qarshi“, „orqali“ va littera — „harf“) deb bir yozuv tizimidagi matnni boshqa yozuv tizimidagi belgilar bilan berishga aytiladi[1][2].
Transliteratsiya qatʼiy va boʻshashtirilgan boʻladi. Qatʼiy transliteratsiyada bir yozuv harflari boshqa yozuv harflari bilan birma-bir almashtiriladi, masalan, yunoncha Ελληνική Δημοκρατία ("Ellenik Respublika") Ellēnikē Dēmokratia deb transliteratsiya qilinadi, bunda yunon harflari mos lotin harflari bilan almashtiriladi. Boʻshashtirilgan transliteratsiyada harflar birma-bir almashtirilishi shart emas, agarda asl yozuvda ular beradigan tovush boshqa yozuvdagi mos harflar tovushiga mos kelmasa, masalan, Ελληνική Δημοκρατία → Ellinike Dimokratiya (bunda transliteratsiya yunon talaffuziga tayanadi).
Transliteratsiya bir grafik tizim (alifbo) asosida yozilgan matnlar yoki alohida soʻzlarni boshqa bir grafik tizim (alifbo) vositalari bilan harfma-harf aks ettirishdir. Transkripsiyadan farqli ravishda transliteratsiya muayyan tilning grafik tizimiga asoslanib ish koʻradi. Bironbir alifboga asoslanar ekan, transliteratsiya harflarni shartli qoʻllashga, qoʻshimcha hamda diakritik belgilar kiritishga yoʻl qoʻyadi. Transliteratsiya dastlab 19-asrda Prussiya ilmiy kutubxonalaridagi lotin, kirill, arab, hind va boshqa yozuvli tillarda yozilgan asarlarni yagona katalogga kiritish ehtiyojidan kelib chiqqan. Ushbu kutubxonalar uchun tuzilgan yoʻriqnomalar 20-asrda lotincha boʻlmagan yozuv gizimlarini lotinchaga oʻgirish andozasining asosi boʻlib xizmat qildi. Hozirgi transliteratsiyaga oid tavsiyalar Xalqaro standartlar tashkiloti — ISO (International Standart Organisation) tomonidan ishlab chiqiladi. Transliteratsiya oʻzining universalligi tufayli koʻp tomonlama xalqaro munosabatlarda amaliy masalalarni hal qilishning yagona standarti boʻlib xizmat qilishi mumkin. Transliteratsiyani amaliy transkripsiyadan farqlash kerak. Transliteratsiya xalqaro boʻlishi mumkin va boʻlishi kerak, chunki u bironbir milliy alifboga asoslanmaydi, amaliy transkripsiya esa bironbir belgili alifboga, uning harf va harf birikmalarini tegishli imloda qabul qilingan oʻqish qoidalariga tayanadi. Transliteratsiya qad. qoʻlyozma yodgorliklar, jahon xalklari tarixi, tili va adabiyotini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega.
Manbalar
tahrir- ↑ Kharusi, N. S. & Salman, A.. The English Transliteration of Place Names in Oman.. Journal of Academic and Applied Studies, 2011. (Wayback Machine saytida 2013-08-19 sanasida arxivlangan) arxiv nusxasi (PDF), 2013-08-19da asl nusxadan (PDF) arxivlandi, qaraldi: 2021-02-05
- ↑ Rujero Gilarevskiy, Starostin B. A.. Иностранные имена и названия в русском тексте: Справочник. Высшая школа, 1985. (Wayback Machine saytida 2013-04-10 sanasida arxivlangan) arxiv nusxasi, 2013-04-10da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-03-20
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |