Ovanes Tadevosovich Tumanyan (1869.7(19).2, — Armaniston hozirgi Tumanyan tumani Dseh qishlogʻi — 1923.23.3, Moskva) — arman yozuvchisi va jamoat arbobi. Tbilisidagi arman diniy konsistoriyasida, soʻng arman nashriyotlar jamiyati idorasida (1887—93), "Asker" bolalar jurnalida (1905) ishlagan. Arman yozuvchilarining Kavkaz jamiyati (1912— 21), Armanistonga yordam qoʻmitasi raisi (1921—22). Tumanyan millatlararo qonli toʻqnashuvlarga (1905—07) qarshi chiqqan, 2 marta (1908, 1911) qamalgan. 1899-yilda Tumanyan rahbarligida Tbilisida "Vernatun" adabiy toʻgaragi tashkil qilingan. "Sheʼrlar" toʻplamlari (1—2j.lar, 1890—92) nashr etilgan. 90-yillarda yaratgan qator sheʼr, doston va balladalarida ijtimoiypsixologik konfliktlar, arman xalqi urfodatlari folklor anʼanalarida aks ettirilgan. Dostonlari dehqonlar hayoti haqida ("Maro", 1887; "Loretsi Sako", 1889; "Anush", 1890 va boshqalar). "Sosunlik Dovud" dostoni (1902), "Oxtamar" (1892), "Parvona" (1903), "Asal tomchisi" (1909), "Shoh va xabarchi" (1917) balladalari arman va sharq afsonalari asosida yaratilgan. Bolalarga bagʻishlab bir qancha asarlar yozgan ("Mushuk va kuchuk", "Baxtsiz savdogar" va boshqalar). Ayrim asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilingan ("Mening qoʻshigʻim", "Sheʼrlar", "Poemalar", 1962, "Oxtamar", "Afsonalar", 1972 va boshqalar).[1]

Manbalar tahrir

  1. "Tumanyan Ovanes Tadevosovich OʻzME. T-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil