Turkestanskiye vedomosti
„TURKESTANSKIYE VEDOMOSTI“ („Turkiston vedomostlari“) – Turkistondagi ilk davriy matbuot, rus istilochilari tomonidan tashkil etilgan dastlabki gazeta. Amalda besh yil davomida roʻznomaga Turkiston general gubernatori fon Kaufman muharrirlik qilgan. 1870-yil 28-aprel (10-may)dan Toshkentda (1872-yil iyul – 1873-yil fevralda Peterburgda) rus tilida nashr qilingan. Dastlab gazeta bir maromda chiqmagan. 1870-yilda fakat 17 ta soni chop etilgan. Keyingi yildan boshlab haftasiga 1 marta, 1903-yildan oyiga 3—4 marta, 1907-yildan kundalik gaz. sifatida chiqa boshlagan. Gazetaning 6406 soni bosilgan. „Turkestanskiye vedomosti“ faoliyatiga bevosita general gubernator xizmatidagi harbiylar rahbarlik qilishgan. Piyoda qoʻshinlar ofitseri N. A. Mayev 1892-yilga qadar (1-102-sonlari) muharrir boʻlgan.
Mavzusi
tahrir„Turkestanskiye vedomosti“ podsho Rossiyasi hukumatining Turkistondagi mavqeini mustahkamlashga, oʻlkada chorizm siyosatini oʻtkazishga, mahalliy aholini chor hukmdorlari va amaldorlariga itoatgoʻylik ruhida tarbiyalashga xizmat qilgan. Gaz.da, asosan, Turkiston generalgubernatorligining buyruk va farmonlari, turli xil rasmiy maʼlumotlar bosilgan. Shuningdek, oʻlka tarixi, xoʻjaligi, tabiati va bu yerda yashovchi xalklarning etnografiyasi, folklori, adabiyoti, urfodatlariga doyr qiziqarli materiallar ham berib borilgan. Mazkur materiallar oʻlka xalq xoʻjaligi va madaniyati tarixini oʻrganishda muhim manba hisoblanadi. Gazetada oʻlka hayotining barcha jabhalarini yorituvchi „Ichki xabarlar“, „Xabar va yangiliklar“, „Mahalliy xronika“, „Sankt-Peterburg“ boʻlimlari faoliyat koʻrsatgan.
Tarixi
tahrir„Turkestanskiye vedomosti“da V. V. Bartold, L. S. Berg (1876—1950), N. A. Seversev (1827— 85), A. N. Fedchenko (1844—73), I. V. Mushketov (1850—1902), V. F. Oshanin (1844—1917) kabi mashhur olimlar, sharqshunoslar hamkorlik qilishgan. Mazkur olimlarning faol ishtirokida gazetaning publitsistik ruhi kuchaygan. Gazetada mahalliy xalq vakillari ham ishtirok etgan. Jumladan, Sattorxon Abdugʻafforovning Qoʻqon xonligidagi ahvol xususidagi ocherki gazeta muxlislarini jalb etgan. Gaz. oʻlka hayotidagi koʻplab salbiy holatlarni koʻrsatmaslikka harakat qilgan.
Gazetaning Moskva, Peterburg, Vladivostok va boshqa shaharlarda doimiy muxbirlari boʻlgan. Dastlab „Turkiston viloyatining gazeti“ ushbu gaz.ga ilova tarzida chiqarilgan. Gaz. faoliyati Turkiston XKS ning 1917-yil 15 dekabr dagi qaroriga muvofiq toʻxtatilgan (soʻnggi soni 1917-yil 15 dekabrda bosilgan). Dastlabki davrda gazeta 100 nusxa, 1909-yildan esa 853 nusxadan iborat boʻlgan. Gazetaning tiraji 1000-2500 nusxani tashkil etgan[1].
Narxi (80 tiyin) arzonligiga qaramay, bu gazeta Ismoil Gasprinskiyning ancha qimmatroq nashri boʻlgan „Tarjimon“ (narxi 3 rubl) bilan raqobatlasha olmagan. Turkiston general-gubernatorligi idorasi tomonidan oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, gazetaning ommabop boʻlmasligiga quyidagilar kiradi: juda koʻp rasmiy buyruq va farmonlar, quruq maʼlumotlar, hayotdan yiroq xabarlar, koʻp sonli atamalar va matnni tushunishni qiyinlashtiradigan arab yoki fors soʻzlarini qoʻllash.
1895-yilda doimiy yoki vaqti-vaqti bilan faoliyat yurituvchi mualliflar soni 290 tani tashkil etdi. Ular amaldorlar, olimlar, shifokorlar, oʻqituvchilar, askarlar, topograflar, muhandislar, agronomlar, kuzatuvchilar va boshqalar boʻlgan.
Oxirgi soni 1917-yil dekabr oyida, oʻsha paytda „Turkiston oʻlkasi Xalq Komissarlari Sovetining organi“ sifatida nashr etilgan[2].
Manbalar
tahrir- ↑ История Ташкента (Wayback Machine saytida 2007-09-27 sanasida arxivlangan)
- ↑ Rossiyskaya natsionalnaya biblioteka (rus.)
Adabiyotlar
tahrir- Avsharova M. N., 18701917-yillarda Turkiston rus vaqtli matbuoti, T., 1959;
- Ernazarov T. E.,Turkistondavaqtli matbuot (18701924), T., 1959;
- Ernazarov T. E., Akbarov A. I., Istoriya pechati Turkestana, T., 1976;
- Abduazizova N., Turkiston matbuoti tarixi (1870—1917), T., 2000.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |