Turkiston qishloq xoʻjaligi tajriba stansiyasi

Turkiston qishloq xoʻjaligi tajriba stansiyasi – mahalliy sharoitlarda qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish usullari va seleksiyasini oʻrgangan ilmiy tadqiqot muassasasi. 1898-yilda Toshkent yaqinida Rossiya Yer ishlari boʻlimi tomonidan ochilgan. Dastlab dalachilik va bogʻdorchilik boʻlimlaridan iborat boʻlgan, shuningdek, agrotexnika laboratoriyasi ham tashkil etilgan. 1902-yildan stansiyada tezpishar gʻoʻza navlari, tokchilik, polizchilik boʻyicha tadqiqot olib borilgan, ipak qurti oʻrganilgan, mahalliy suv va tuproq tarkibi hamda ularning bir-biriga taʼsiri tadqiq qilingan. Stansiyaga professor F. M. Garnich Garnitskiy (1898—1903), R. R. Shreder (1903—25) rahbarlik qilgan. 1925-dan stansiya Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi tajriba stansiyasiga (hozirgi akademik R. R. Shreder nomli Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik instituti) aylantirilgan.