Turkiston qizil pikasi (Ochotona rutila) – bu Ochotonalar oilasiga mansub sut emizuvchi jonivor. Uning yozgi moʻynasi qizgʻish-jigarrang, qorni esa oq yoki och tusga ega. Qishda uning moʻynasi och jigarrang va qorni esa oq yoki och rangda boʻladi. Turkiston qizil pikasi Xitoyning gʻarbiy Shinjon viloyati hamda Markaziy Osiyo togʻlarida, jumladan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, va Tojikistonda uchraydi. Turkiston qizil pikasining urgʻochisi kam bolalaydi va faqatgina bahordan yozgacha boʻlgan koʻpayish mavsumida nasl beradi. U har yili ikkita nasl beradi, har bir naslda ikkidan oltitagacha farzand koʻradi. Xalqaro Tabiatni Muhofaza Qilish Ittifoqi (IUCN) tomonidan „kam xavf ostidagi“ tur sifatida baholangan boʻlsa-da, Xitoyda uni „tahdid ostidagi“ tur sifatida roʻyxatga olishgan.

Turkiston qizil pikasi
Muhofaza maqomi
Biologik klassifikatsiya
Urugʻ: Ochotona
Tur: rutila
Turkiston qizil pikasining yashash geografiyasi
Turkiston qizil pikasining yashash geografiyasi

Taksonomiyasi

tahrir
 
Qozogʻistondagi Turkiston qizil pikasi

Turkiston qizil pikasi Ochotonalar oilasidagi 30 ta tan olingan sut emizuvchi turdan biridir[2]. Uni birinchi boʻlib 1873-yilda rus tabiatshunosi Nikolay Alekseevich Severtsev tasvirlagan[3]. 1951-yilda Ellerman va Morrison-Scott Xitoy qizil pikasi (Ochotona erythrotis) va Glover pikasi (Ochotona gloveri)ni Turkiston qizil pikasining kenja turlari sifatida taʼriflagan. Biroq keyinchalik olimlar (1964-yilda Gureev, 1982-yilda Weston va 1985-yilda Feng, va Zheng) ularni rang, geografik tarqalishi va bosh suyak morfologiyasi asosida alohida tur sifatida ajratgan. Bugungi kunda bu hayvonning hech qanday tan olingan kenja turi yoʻq[3][4][1]. Sut emizuvchilar boʻyicha mutahasislar Robert S. Hoffmann va Andrew T. Smith „Dunyo sut emizuvchilarining turlari“ kitobining 2005-yilda chop etilgan uchinchi nashrida Turkiston qizil pikasini alohida tur sifatida qayd etgan[3].

Tashqi koʻrinishi

tahrir

Turkiston qizil pikasining uzunligi 19,6 dan 23 sm gacha boʻladi. Uning 9,5 dan 11 sm gacha qismini dumi tashkil qiladi. Turkiston qizil pikasining ogʻirligi 220 dan 320 gramgacha yetadi[5]. Bosh suyagi katta boʻlib, uning uzunligi 4,6 dan 5,3 sm orasida boʻladi va ozgina qavariq shaklda boʻladi. Bosh suyagining koʻzlar orasidagi qismi keng va tekis boʻladi[5][4]. Peshona suyaklarining ustida alveolus (suyakdagi boʻsh boʻshliq) yoʻq. Burun boʻshliqlarining old qismi ancha shishgan boʻladi. Quloqlari 2,7 dan 2,9 sm gacha uzunlikka ega boʻlib, ustki qismi kulrang qora rangga ega. Yozda qulogʻining ustki qismi yorqin qizgʻish boʻlib, boʻyin ortida oq nuqtalar koʻrinib turadi. Baʼzan bu nuqtalar keng, och sariq rangli halqa hosil qiladi[5]. Tanasi yon tomondan oq-sargʻish tusda[4]. Turkiston qizil pikasining pastki qorin qismi oq yoki sargʻish rangda boʻladi. Ammo uning koʻkragida zang qizil rangda chiziq bor. Qishda esa Turkiston qizil pikasining ustki qismi och jigarrangga, ostki qismi oq yoki och sariq rangga oʻzgaradi. Uning orqa oyoq uzunligi 3,6 dan 3,9 sm gacha yetadi[5].

Boshqa pikalardan farqli ravishda, Turkiston qizil pikasi kam shovqin chiqaradigan tur hisoblanadi va u „jim pika“ deb ham ataladi. U xavf tugʻilganda ovoz chiqarmaydi. Xavf paytida toshlar orasiga yashirinadi va titrayotgan ovoz chiqaradi. Bu tovush shimoliy pika (Ochotona hyperborea) va alp pikasining ikki kenja turi – O. a. cinereofusca va O. a. scorodumovi tovushiga oʻxshab ketadi. Shu tovush u orqali boshqa pikalarga xavf haqida signal yuboradi[4].

Feʼl-atvori va ekologiyasi

tahrir
 
Yamnuska togʻining etagidagi talus, Alberta, Kanada.

Turkiston mintaqasi Markaziy Osiyoda joylashgan. U Gobi choʻli va Kaspiy dengizi orasida joylashgan boʻlib, Shinjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston hududlarini oʻz ichiga oladi[6]. Turkiston qizil pikasi Xitoyning Shinjon viloyati gʻarbiy togʻlarida uchraydi[5]. Shuningdek, u Markaziy Osiyo togʻlarida, masalan, Tojikistondagi Pomir togʻlari va janubi-sharqiy Qozogʻiston, Qirgʻiziston va janubi-sharqiy Oʻzbekistondagi Tyan-Shan togʻlarida ham vaqti-vaqti bilan uchrab turadi[1]. Turkiston qizil pikasi, ehtimol, shimoliy Afgʻonistonda ham mavjud boʻlishi mumkin[4]. Turkiston qizil pikasi Tojikistondagi Iskandarkul koʻli atrofida va Qozogʻistondagi Buyuk Olmaota koʻli hududida keng tarqalgan deb ishoniladi[1]. U Xitoy qizil pikasi bilan bir xil hududda yashamaydi[4].

Turkiston qizil pikasi tosh orasida yashaydi. U odatda talus (jarliklarning tagida toʻplangan tosh boʻlaklari) joylashgan hududlarda yashaydi va katta toshlar orasida boshpana quradi[1][5]. Odatda, u dengiz sathidan 3000 metrdan past boʻlgan oʻrtacha balandliklarda yashaydi[4][5].

Tarqalishi va yashash joylari

tahrir

Turkiston qizil pikasi kun davomida faol boʻladi. U asosan tongdan koʻra kechki payt faolroq boʻladi[1]. Turkiston qizil pikasi oila boʻlib yashaydi, yaʼni erkak va urgʻochi koʻpayish mavsumida bolalari bilan birga boʻladi. Ularning populatsiya darajasi yil davomida barqaror boʻlib qoladi. Populatsiya zichligi past boʻlib, bir gektarga 12 dan 20 tagacha yoki 3 dan 3,5 tagacha oila toʻgʻri keladi. Qoʻshni oilalar markazlari odatda 50 dan 100 metrgacha masofa uzoqlikda joylashadi. Lekin baʼzida ular orasidagi masofa 20 dan 30 metrgacha ham qisqarishi ham mumkin[4]. Boshqa pika turlari kabi, u umumiy ozuqachil hisoblanadi va oʻz ozuqasini oʻt toʻplamlari shaklida saqlaydi[5]. Lekin, boshqa koʻpchilik pika turlaridan farqli ravishda, Turkiston qizil pikasi ochiq yaylovlarda oziqlanmaydi. Turkiston qizil pikasi keng uyaga yashaganligi va talusda oʻsimliklar keng tarqalganligi sababli yil davomida yetarli ozuqaga ega boʻladi[4].

Urgʻochi pika kam bolalaydi. U odatda yiliga ikki marta bolalaydi va har tugʻishda ikkidan oltitagacha (oʻrtacha 4,2) bolani dunyoga keltiradi. Koʻpayish mavsumi bahordan yozgacha davom etadi[4]. Tugʻilgan pikalar odatda birinchi yozda koʻpayishga tayyor boʻlmaydi[5]. Ular yoz davomida ota-onalari bilan birga yashab, ular saqlagan oʻsimliklardan oziqlanadi. Keyingi qishda koʻpchilik yosh pikalar ota-onalari bilan qoladi. Kuz faslida erkak va urgʻochi kamdan-kam hollarda birga koʻrinadi, lekin ular umumiy uyaga ega boʻladi[4].

Mustela erminea (kuyon yirtqichi) Turkiston qizil pikasining asosiy yirtqichlaridan biridir. Ushbu yirtqich axlatining 19 foizida Turkiston qizil pikasining juni topilgan[4].

Status va muhofaza qilish

tahrir

1996-yildan beri Turkiston qizil pikasi Xalqaro Tabiatni Muhofaza qilish Ittifoqining (IUCN) yoʻqolib ketish xavfi ostidagi turlar roʻyxatida eng kam xavf ostidagi tur sifatida baholanib keladi. Buning sababi, Turkiston qizil pikasining tarqalish hududi tarqoq-siyrakligi va oʻziga mos joylarda keng tarqalganligidir. Shuningdek, uning populatsiya darajasi ancha barqarordir.

Bu tur populatsiyasi uchun katta tahdidlar mavjud emas. Lekin past populatsiya zichligi va koʻpayish qobiliyatining pastligi xavotirlarga sabab boʻlishi mumkin. Bir vaqtlar ularning moʻynasi uchun ov qilingan. Lekin bu amaliyot toʻxtatilgan[1]. Xitoy hukumati esa, ushbu turga Xitoydagi yashash hududlarida xavf ostida tur sifatida qaraydi[1].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 1,7 Smith, A.T.; Lissovsky, A. (2016). "Ochotona rutila". IUCN Red List of Threatened Species 2016: e.T41270A45184897. doi:10.2305/IUCN.UK.2016-3.RLTS.T41270A45184897.en. https://www.iucnredlist.org/species/41270/45184897. Qaraldi: 14 November 2021. Turkiston qizil pikasi]]
  2. Alves, P.C.; Ferrand, N.; Hackländer, K.. Lagomorph Biology: Evolution, Ecology, and Conservation. Springer Science & Business Media, 2007 — 1, 396–398-bet. ISBN 978-354-072446-9. 
  3. 3,0 3,1 3,2 Andoza:MSW3 Lagomorpha
  4. 4,00 4,01 4,02 4,03 4,04 4,05 4,06 4,07 4,08 4,09 4,10 4,11 Chapman, J.A.; Flux, J.E.C.. Rabbits, Hares and Pikas: Status Survey and Conservation Action Plan. IUCN, 1990 — 50-bet. ISBN 978-283-170019-9. 
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 5,4 5,5 5,6 5,7 5,8 Smith, A.T.; Xie, Y.; Hoffmann, R.S.; Lunde, D.; MacKinnon, J.. A Guide to the Mammals of China. Princeton University Press, 2010 — 286-bet. ISBN 978-140-083411-2. 
  6. „Turkestan | Definition of Turkestan in English by Oxford Dictionaries“. Oxford Dictionaries | English (2017). 2017-yil 26-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 28-oktyabr.

Tashqi havolalar

tahrir