Turkman madrasasi
Turkman madrasasi (Rahmatulla toʻqsabo madrasasi) – Oʻzbekiston Respublikasi, Buxoro viloyati, Buxoro shahrining tarixiy markazida joylashgan 2 qavatli madrasa inshooti. Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.
Madrasa | |
Turkman madrasasi
Rahmatulla toʻqsabo madrasasi | |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Hudud | Buxoro viloyati |
Shahar | Buxoro |
Manzil | Mirzo Ulugʻbek MFY, Kemuxgaron koʻchasi |
Maktab yoʻnalishi | sunniy |
Mulkdor | Davlat mulki. Buxoro viloyati madaniy meʼros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida |
Madrasa turi | Katta |
Meʼmoriy uslub | Markaziy Osiyo meʼmorchiligi |
Binokorlik tashabbuschisi | Rahmatullaboy |
Homiylar | Rahmatullaboy |
Binokorlik | 1905—1910-yillar |
Maqomi | davlat himoyasida[1] |
Holati | Ayanchli ahvolga kelib qolgan |
Hujralar soni | 34 |
Qurilish materiali | Pishiq gʻisht, ganch, tosh |
Madrasani tiklash va taʼmirlash uchun 2010-yilgi davlat dasturiga koʻra mablagʻlar ajratilganligiga qaramay, u hozirga qadar qarovsiz va ayanchli ahvolda qolib ketgan.
Tarixi
tahrirMadrasa 1905–1910-yillarda Buxoro amirligi poytaxtining Kemuxtgaron guzarida[2], oʻzbek hukmdori Abdulahadxon (1885–1910) hukmronligi davrida, Rahmatullaboy qorovulbegi turkman mablagʻlari evaziga bunyod etilgan. Maʼlumotlarga koʻra, Rahmatullaboy turkman qorakoʻl terisi bilan tadbirkorlik qilgan. Buxoroga Chorjoʻydan kelib qolgan[3], amirlikning qorovulbegi va toʻqsabo unvonlarida boʻlgan. U qurdirgan madrasa 34 ta hujradan iborat boʻlgan[2].
Sovetlar hukmronligi oʻrnatilgandan soʻng, madrasada talabalarning oʻqitilishi tugatilgan.
2010-yilda ishlab chiqilgan Davlat dasturiga binoan, madrasani 2011-yilda tadqiq qilish, favqulotda qismlarini boʻlaklarga ajratish, konstruktiv mustahkamlash, tiklash va taʼmirlash, dekorativ bezaklarini restavratsiyalash va konservatsiyalash ishlari rejalashtirilgan va bu ishlarni amalga oshirish maqsadida 100 million soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlsada[4], madrasa hozirga qadar ayanchli ahvolda qolib ketgan[2].
Madrasa inshooti, Buxoro shahri meʼmoriy yodgorligi sifatida, 2019-yilda tasdiqlangan Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan boʻlib[1], undan kelajakda turistik xizmat koʻrsatish obʼekti sifatida zamonaviy foydalanishga topshirish rejalashtirilgan[4].
2020-yil maʼlumotlariga koʻra, Turkman madrasasining butligini saqlash, uning holatini yaxshilash, restavratsiya qilish hamda sayyohlar uchun jozibador obyektga aylantirish boʻyicha investor tomonidan loyiha taqdim etilgan. Madrasaning negizida turistik xizmat koʻrsatish obʼekti tashkil etish boʻyicha dastlabki loyiha tayyorlanib, Oʻzbekiston Madaniy meros departamenti huzuridagi ilmiy-ekspert Kengashiga taqdim etilgan[5].
Buxoro shahridagi Mirzo Ulugʻbek MFYga qarashli Kemuxgaron nomdagi koʻchada joylashgan[1].
Meʼmorchiligi
tahrirMadrasa inshooti pishiq gʻishtdan 2 qavatli qilib qurilgan, 34 ta hujradan iborat[3]. Peshtoqi koshin parchinlar bilan bezatilgan.
Madrasa eshigining tepasida marmar lavh bor. Unda 2 ustunli 7 qator sheʼr yozilgan. Marmar lavh darz ketib, 3 boʻlakka ajralgan. Oʻrtada katta qoziqning chuqur izi qolgan. Qoziq pastdan 3-satrdagi yozuvlarga zarar yetkazgan. Lavhdagi bitikda ushbu madrasa turkmanlar faxri boʻlmish Rahmatullaboy qorovulbegi amir Abdulahadxon davrida qurdirgani yozilgan. Pastki satrning tagida hijriy 1329-yil (1910-yil) qayd etilgan. Uning Buxoroga Chorjoʻydan kelganligini ushbu lavhdagi yozuvlar ham tasdiqlaydi[2].
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 1,2 „Моддий маданий мероснинг кўчмас мулк объектлари миллий рўйхатини тасдиқлаш тўғрисида Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 846-сон 04.10.2019 й. қарори“. Lex.uz. Qaraldi: 2021-yil 8-aprel.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 2,3 Jumanazar A.. Buxoro taʼlim tizimi tarixi, 2017 — 399-bet.
- ↑ 3,0 3,1 „Медресе Туркман“. Rusrav.uz. Qaraldi: 2021-yil 8-aprel.
- ↑ 4,0 4,1 „Государственная программа по исследованию, консервации, реставрации и приспособлению для современного использования объектов культурного наследия г. Бухары до 2020 года“. Nrm.uz. Qaraldi: 2021-yil 8-aprel.
- ↑ „Buxorodagi 16 ta madaniy meros obyektini jozibador maskanga aylantirish uchun investorlar tomonidan qancha sarmoya kiritilmoqda?“. Xs.uz. 2021-yil 22-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 11-aprel.
Adabiyotlar
tahrir- Jumanazar A.. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592-bet. ISBN 978-9943-4728-2-2.