Unli tovushlar
Unli tovushlar õzi
– ogʻiz va boʻgʻiz boʻshligʻida hech qanday toʻsiqqa uchramay hosil boʻladigan, tarkibi ovozdan iborat (shovqin deyarli ishtirok etmaydigan) tovushlar. Har bir til oʻziga xos unlilar tizimiga ega. Tildagi unlilar tizimi vokalizm (lotincha: vocalis – unli tovush) deyiladi. Unli tovushlar soni turli tillarda turlichadir. Masalan, hozirgi oʻzbek adabiy tilida unli tovushlar 6 ta boʻlsa, boshqa turkiy tillarda 8 ta, 10 ta va undan ham ortiqdir. Bu miqdor rus tilida 5 tani, fransuz tilida esa 18 tani tashkil etadi.
Unli tovushlar bir necha jihatdan tasnif etiladi. Bu tasniflarning oʻzbek tilidagi 6 ta unli fonema (i, e, a, o, u, oʻ) misolida koʻrib chiqish mumkin. Unlilar dastlab tilning harakati va labning holati (ishtiroki) nuqtai nazaridan turlarga ajratiladi. Tilning harakatida 2 hodisa farqlanadi: tilning yotiq (yonlama) harakati; tilning tik (vertikal) harakati. Tilning yotiq (yonlama) harakatida hosil boʻlish oʻrniga koʻra unlilar 2 turga boʻlinadi: tiloldi (yoki old qator) unlilari – i, e, a hamda tilorqa (yoki orqa qator) unlilari – o, u, oʻ. Tilning tik harakatiga koʻra unli tovushlar 3 turga boʻlinadi: yuqori koʻtarilish unlilari (i, u), oʻrta koʻtarilish unlilari (e, oʻ), quyi koʻtarilish unlilari (a, o).
Labning holati (ishtiroki)ga koʻra unlilar 2 ga boʻlinadi: lablangan unlilar (u, oʻ) va lablanmagan unlilar (i, e, a, o). Lablangan unlilar talaffuz qilingan vaqtda lablar faol ishtirok etadi: lab choʻchchayib, oldinga chiqadi, dumaloq shakl oladi. Lablanmagan unlilar talaffuzida lablar ishtirok etmaydi yoki lablar ishtiroki passiv boʻladi.
Tovushning hosil boʻlishida ketadigan vaqtning miqdoriga koʻra unli tovushlar 2 turga boʻlinadi: choʻziq unli; qisqa unli. Choʻziq unli davomli (choʻziq) talaffuz etiladigan unli tovushlardir. Bunday tovushlar koʻpincha maʼno farqlash uchun xizmat qiladi. Bu hodisa turkiy tillarning baʼzilarida, shuningdek, ayrim oʻzbek shevalarida uchraydi. Masalan, turkman tilida a:ch (qornim och) va ach (eshikni och), ba:r (menda bor) va bar (ishga bor), a:t (nom, ism) va at (yilqi) va boshqa Qisqa unlilar talaffuziga choʻziq unliga nisbatan oz vaqt ketadi.
Yana qarang
tahrirAdabiyot
tahrir- Hozirgi oʻzbek adabiy tili, 1qism, T., 1980; Reformatskiy A. A, Vvedeniye v yazikovedeniye, M., 1998.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |