Uotsonkrik modeli
Uotsonkrik modeli - qoʻsh spiral dezoksiribonuklein kislotaning tuzilish modeli (gipoteza). U.Uotsonkrik modeliga koʻra, DNK molekulasi oʻzaro antiparallel yoʻnalgan 2 polinukleotid zanjirdan tashkil topgan. Zanjirlar toʻgʻri, oʻng tomonga buralgan kush spiraldan iborat. Kush spiral qaramaqarshi joylashgan azot asoslari oʻrtasidagi vodorod bogʻlarning oʻzaro taʼsiri tufayli mustaxkam ushlanib turadi. U.Uotsonkrik modelini 1953-yilda Amerika va ingliz olimlari, molekulyar biolog J. Uotson va fizik F. Krik taklif etgan. Modelning yaratilishida M. Uilkins va R. Franklin olgan DNK ning yuqori sifatli rentgenogrammasi (1950—52), L. Polingning har xil spiral strukturalar rentgenogrammasi koʻrinishini oldindan aytib berishga imkon beruvchi nazariyasi (1951), A. Todd va uning xodimlari tomonidan DNK molekulasidagi nukleotidlar oʻrtasidagi kimyoviy bogʻlar tabiatining aniklanishi (1952), E. Chargaffning DNK molekulasidagi azot asoslarining oʻzaro nisbatini aniqlashi (1947—50) muhim ahamiyatga ega boʻldi. U.Uotsonkrik modeli DNKning matritsali yarimkonservativ reduplikatsiyasi mexanizmini, genetik informatsiyaning transkripsiyasi (qarang Transkripsiya) va kodlashning umumiy prinsiplarini, mutatsion jarayonning ayrim molekulyar mexanizmlarini bashorat kdlish uchun asos boʻldi.
Keyinchalik oʻtkazilgan juda kuplab tadqiqotdarda U.Uotsonkrik modelining asosiy koʻrsatkichlari tajriba asosida tasdikdandi. DNK molekulasining boshqacha koʻrinishga ega boʻlgan, mas, zigzagsimon modeli ham taklif qilindi. Genomning ayrim qismlarida chap tomonga buralgan, yaʼni ZDNKning mavjudligi tajriba yoʻli bilan tasdiqlangan (A. Rich, 1974). Biroq U.Uotsonkrik modeli DNK molekulasi strukturasini faqat in vitro emas, balki in vino sharoitida ham, asosan, toʻgʻri aks ettirishiga shubhalanishga asos yoʻq. U.Uotsonkrik modelining kashf etilishi biologiyaning yangi yoʻnalishi — molekulyar biologiya fanining rivojlanishi uchun kuchli turtki boʻldi. U.Uotsonkrik modeli biologiya sohasida 20-asrda kashf etilgan uchta yirik kashfyyotdan biri sifatida eʼtirof etiladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |