Kasanachi, uyda ishlovchi — ish beruvchilar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi asosida oʻz mehnat vazifalarini uylarida bajaruvchi xodimlar toifasi. Kasanachilikka oid asosiy qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida belgilab qoʻyilgan. Mehnatni tashkil etishning bu shakli Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998 i. 29-avgustda 486son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan „Oʻzbekiston Respublikasida uyda ishlovchilar mehnatini tashkil qilish tartibi toʻgʻrisida nizom“ vositasida huquqiy jihatdan tartibga solinadi. K. ish beruvchining materiallari va asboblaridan foydalanib, oʻz uyida mehnat qiladi, oʻz mehnat qurollari va asbobuskunalaridan foydalangan taqdirda ularning eskirish harajatlari ish beruvchi tomonidan kompensatsiya qilinishi (qoplab berilishi) lozim. Ish beruvchi oʻz xohishi bilan kasanachilikni tashkil qilishi, har bir xodim bilan uyda ishlash boʻyicha mehnat shartnomasini tuzishi, amal qilib turgan shu mehnat shartnomasiga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritishi mumkin. Yuqoridagi nizomga koʻra, kasanachilik buyicha mehnat shartnomalari, asosan, voyaga yetmagan bolalari boʻlgan ayollar, nogironlar, pensionerlar, nogiron yoki boshqa bemor oila aʼzolarini parvarish qilayotgan shaxslar, mavsumiy ishlarda band boʻlgan, (mavsumlar oraligida) tegishli mehnat majburiyatlarini uyda ado etish uchun zarur uy-joy va maishiy sharoitga ega boʻlgan shaxslar b-ngina tuzilishi mumkin. K. lar mehnati, ish vaqti va dam olish vaqti ish beruvchi bilan kelishib olingan holda, ularning bevosita oʻzi tomonidan amaldagi mehnat qonunchiligi talablari doirasida belgilanadi. K. mehnatiga xodim va ish beruvchining oʻzaro kelishuvi asosida, bajarilgan ish miqdori hamda sifatiga mutanosib tarzda, eng kam oylik ish haqidan kam boʻlmagan va eng koʻp miqdori cheklanmagan hajmda ish haqi toʻlanadi. K.ga tovar va b. moddiy boyliklar ish jarayonida foydalanish uchun topshirilgan takdirda, ish beruvchi ular bilan qonunda belgilangan tartibda va shaklda toʻla moddiy javobgarlik toʻgʻrisida yozma shartnoma tuzish lozim.

K. ish vaqti, dam olish vaqti, mehnat sharoiti, mehnat muhofazasi va h.k. jihatidan boshqa sohalarda ishlovchi xodimlar bilan teng huquqlardan foydalanadi va oʻz majburiyatlariga ega boʻladi; har yili haq toʻlanadigan va ish joyi (lavozimi) saqlanadigan mehnat taʼtiliga chiqishi va b. imtiyozlardan foydalanishi mumkin.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil