Uzdunrobita (MTS-Oʻzbekiston)


Uzdunrobita yoki MTS-Oʻzbekiston (oʻzbekcha: "Mobil TeleSistemalar", ruscha: "Мобильные ТелеСистемы") — uyali aloqa operatori, Oʻzbekistonda brend nomi Em-Te-Es (yoki ruscha МТС) deb talaffuz etiladi. Oʻzbekistondagi faoliyati 2012-yil yozida ayon boʻlgan muammolar tufayli toʻxtatilgan.

Uzdunrobita (MTS-Oʻzbekiston)
Turi Uyali aloqa operatori
Maqomi tugatilgan
Ishga tushgan sanasi 1991
Tugatilgan 2012
Tugatilish sababi Bankrotlik
Direktori Behzod Ahmedov
Mijozlar soni 11 milliondan ziyod (2012)

TarixTahrirlash

1991-yil avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi koʻmagida mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatuvchi „Uzdunrobita“ kompaniyasi tashkil etildi.[1] Bu nafaqat Oʻzbekistonda, balki Markaziy Osiyoda tashkil etilgan birinchi mobil aloqa kompaniyasi edi. 2004-yil avgustda „Uzdunrobita“ kompaniyasi „Mobil TeleSistemalar“ OAJ xalqaro kompaniyasi (Rossiya) tarkibiga kirdi. 2006-yil iyunda oʻtkazilgan rebrendingdan soʻng kompaniya yangi „MTS“ brendi ostida oʻz xizmatlarini koʻrsata boshladi. „Uzdunrobita“ kompaniyasi Oʻzbekistondagi eng yirik mobil aloqa operatori hisoblanadi, va GSM 900/1800 standartida xizmatlar koʻrsatadi. Tarmoq doirasi respublikaning aksariyat hududini, aholining 90 foizdan ortigʻini, koʻpchilik aholi punktlarini, muhim avto- va temir yoʻl magistrallarini oʻz ichiga olar edi. 2007-yil aprelda Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi „MTS“ OAJ kompaniyasining Oʻzbekistondagi shoʻba kompaniyasi boʻlmish „Uzdunrobita“ kompaniyasiga 3G uchinchi avlod tarmogʻining UMTS standartida aloqa xizmatlarini koʻrsatish uchun litsenziya taqdim etdi. 2008-yilning ikkinchi yarim yilligida MTS kompaniyasi Toshkent va Samarqand shaharlarida yangi tarmoqni ishga tushirdi. Ushbu tarmoq Urganch, Xiva va Buxoroda ham ishlagan. Yangi standartni qoʻllaydigan apparatlarning egalari „Videoqoʻngʻiroq“, „Mobil televideniye“ va „Yuqori tezlikdagi Internet“ xizmatlaridan foydalanishlari mumkin boʻlgan.

MojaroTahrirlash

2012-yil iyul oyida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Uzdunrobita korxonasi boshqaruvchilariga qarshi jinoiy ish ochdi. Prokuratura tergov natijasida katta miqdordagi pul mablagʻlarini noqonuniy naqdlashtirish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni qonuniylashtirish, litsenziyasiz faoliyat bilan shugʻullanish, soliq toʻlashdan qochish kabi qonunbuzarlik holatlari qayd etilgani haqida bildirdi.[2] Tegishli qonunbuzarliklar yuzasidan Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi 2012-yil 17-iyulda Uzdunrobita litsenziyasi 10 kunga toʻxtatilishi haqida buyruq chiqardi.[3] Shu kuni MTS-Oʻzbekiston abonentlarga xizmat koʻrsatishni toʻxtatdi,[4] korxona sayti ochilmay qoldi.[5] 2012-yil 30-iyul kuni Toshkent shahar xoʻjalik sudi litsenziya toʻxtatilishi muddatini shirkat qonunbuzarliklarni bartaraf etmagani tufayli uch oyga choʻzdirdi.[6][7][8] Bunga javoban MTS maʼmuriyati Oʻzbekiston Prezidenti Islom Karimovga vaziyatni tartibga solishni soʻrab murojaat qildi.[9][10] 2012-yil 13-avgustida Toshkent shahar xoʻjalik sudi MTS-Oʻzbekiston shirkatining barcha litsenziyalarini bekor qildi.[11]

MurosaTahrirlash

2013-yil dekabrda “Mobil TeleSistemalarOAJ va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida murosa bitimi imzolandi. Unga ko‘ra, Kompaniya davlat ishtirokidagi qo‘shma korxona doirasida O‘zbekiston Respublikasi hududida mobil aloqa xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha o‘z faoliyatini tiklashni rejalashtirgan. Murosa bitimiga ko‘ra qo‘shma korxonaning 50,01 foiz hissasi MTSga, qolgan 49,99 foizi O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi qoshidagi Davlat unitar korxonasiga tegishli bo‘lishi aytildi. Qo‘shma korxona o‘z faoliyatini MTS kompaniyasining O‘zbekistondagi sobiq sho‘ba korxonasi “Uzdunrobita” QK MChJga tegishli bo‘lgan mulk, jihozlar, chastotalar va infratuzilma asosida olib boradi. Tomonlar yaqin vaqt ichida murosa bitimida ko‘zda tutilgan barcha protseduralarni yakunlab, 2014-yil oxiriga qadar mobil aloqa tarmog‘ini tijoriy foydalanishga topshirishni rejalashtirishgan. Murosa bitimiga asosan, "O‘zbekiston hukumati MTS’ga 2G/3G/LTE tarmoqlari uchun litsenziyalar, zaruriy chastota diapazonlari, raqamlar sig‘imini taqdim etadi, aloqa kanallari ijarasi bilan ta’minlaydi, O‘zbekistondagi faoliyat uchun zarur bo‘lgan barcha ruxsatnomalarni beradi".

Shuningdek qarangTahrirlash

ManbalarTahrirlash