Toshkent qoʻzgʻoloni
Toshkent qoʻzgʻoloni (1847) -Toshkent aholisining Qoʻqon xonining noibi Aziz Parvonachi zulmiga karshi koʻtargan qoʻzgʻoloni. Qoʻzgʻolonga noibilaning Toshkent va unga tobe yerlar aholisidan urushlar natijasida boʻshab qolgan xazinani toʻldirish uchun qoʻshimcha 4 ming tilla soliq yigʻish toʻgʻrisidagi farmoyishi sabab boʻlgan. Qoʻzgʻolon shaharning Parchabof va Sagʻbon mahallalarida ramazon oyining jumaga oʻtar kechasi boshlanib, soʻng boshqa mahallalarga tarqalgan, ommaviy tus olgan. Koʻchalar gʻovlar bilan toʻsilgan. Qoʻzgʻolonchilar qattiq qarshilik koʻrsatganlar, xonlik lashkarlari ularga toʻp va miltiqlardan oʻt ochganlar. Qoʻzgʻolonda hunarmandlar, mayda savdogarlar, kambagʻallar ishtirok etgan. Shoyi toʻqish ustaxonasining egasi Muhammad Yusufhoji (Mayusuf) qoʻzgʻolon rahbarlaridan biri boʻlgan. Qoʻzgʻolonchilar Aziz Parvonachini hokimiyatdan chetlatish, ortiqcha soliklarni bekor qilishga erishganlar. Toshkent sh. va uning atrofidagi yerlar aholisiga soliklar borasida oʻtkazilgan jabrzulmlar, bunga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolonlar Muhammad Solihning "Tarixi jadidai Toshkand" asarida batafsil yoritilgan.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |