Vafot etgan deb eʼlon qilish — qonunda belgilangan muddat mobaynida fuqaroning qayerda turganligi haqida doimiy yashash joyida hech qanday maʼlumot boʻlmagan taqdirda uning sud tomonidan vafot etgan, deb tan olinishi. Oʻzbekiston Respublikasi FK 36-moddasiga binoan, agar fuqaroning qayerda turganligi haqida uning yashash joyida 3 yil mobaynida maʼlumot boʻlmasa, basharti u oʻlim xavf solib turgan yoki muayyan baxtsiz hodisadan halok boʻlgan deb taxmin qilish uchun asos boʻladigan vaziyatlarda bedarak yoʻqolgan boʻlib, uning qayerdaligi haqida 6 oy mobaynida maʼlumotlar boʻlmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq sud uni vafot etgan deb eʼlon qilishi mumkin. Harbiy harakatlar munosabati bilan sud bedarak yoʻqolgan harbiy xizmatchini yoki boshqa fuqaroni harbiy harakatlar tamom boʻlgan kundan eʼtiboran kamida 2 yil oʻtgandan keyin vafot etgan deb eʼlon qilishi mumkin. Sudning bu haqdagi qarori qonuniy kuchga kirgan kuni fuqaroning oʻlgan kuni, deb hisoblanadi.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.