Vahobjon Sobirovich Fayozov (1912.8.10, Qoʻqon —1974.2.8, Urganch) — aktyor, rejissyor, xonanda (lirik tenor). Oʻzbekiston xalq artisti (1950). Oʻz faoliyatini 1932-yil Koʻqon temiryoʻlchilar klubi qoshidagi ishchilar teatrida boshlagan. 1933—34 yillar Qoʻqon teatrida, 1934-yildan Ogahiy nomidagi Xorazm teatrida ishlagan. Gʻarib (M. Yunusov, S. Samandarov, "Oshiq Gʻarib va Shohsanam"), Tohir (S. Abdulla, "Tohir va Zuhra"), Jaloliddin (M. Shayxzoda, "Jaloliddin Manguberdi"), Majnun, Farxrd (Xurshid, "Layli va Majnun", "Farhod va Shirin"), Husayn Boyqaro (Uygʻun, I. Sulton, "Alisher Navoiy"), Gʻofir (Hamza, "Boy ila xizmatchi"), Toshbolta (H. Gʻulom, "Toshbolta oshiq"), Mulladoʻst (Hamza, "Maysaraning ishi"), Abror (Uygun, "Parvona"), Nurbobo (I. Sulton, "Nomaʼlum kishi"), Mirzakarimboy (Oybek, "Qutlugʻ qon") obrazlarini yaratgan. F. ijodi xissiyotlar toʻlqini, buyuk insoniy fazilatlarni mohirona ocha olishi bilan eʼtiborli boʻlib, obrazlari hayotiyligi, yuksak ijro saviyasi bilan ajralib turadi. Xonanda sifatida "Feruz 1,2", "Xorazm Chorgohi", "Dugoh", "Yorim bergan oq roʻmol", "Faribdurmen" kabi ashulalarni baland avjda chiroyli va yoqimli aytgan. Rejissyor sifatida "Boy ila xizmatchi", "Paranji sirlari" (Hamza), "Shohi soʻzana" (A. Qahhrr), "Makr va muxabbat" (F. Shiller), "Muqimiy" (S. Abdulla) kabi spektakllarni sahnalashtirgan. Matyoqub Rahimov, Komiljon Otaniyozov va boshqa uning shogirdlaridir.