Vahobovlar (Ismoil Vahobov, 1949.19.1 va Isroil Vahobov, 1951.19.1, Andijon viloyati Baliqchi tumani Chinobod qishlogʻi) – aka-uka hamnafas xonandalar, Oʻzbekiston Respublikasi xalq hofizlari (1999).

Vahobovlar doimo bolalik davridan birga kuylab, oʻzlarining yoqimli, baland va tiniq ovozlari bilan shuhrat qozonishgan. Toshkent davlat konservatoriyasini tugatishgan (1973). Ichki ishlar Qoʻshinlari ansambli (1973-1974), Oʻzteleradio qoshidagi „Maqom“ ansambli (1975-1992), „Tanavor“ milliy raqs ansambli (1992-1996)da ishlashgan. 1996-yildan „Maqom“ ansambli xonandalari (1996-1999-yillar Isroil Vahobov mazkur jamoaning badiiy rahbari).

Ijro uslubining oʻziga xosligi, qoʻshiqlardagi joʻshqinlik, baland, lekin mayinlik bilan kuylash, ovozlar hamohangligi xonandalar ijodiga xos. Repertuaridan Shashmaqom shoʻbalari va Fargʻona-Toshkent maqom yoʻllari („Moʻgʻulchai Navo“, „Talqini Ushshoq“, „Bayot III“, „Bayot uforisi“ va boshqalar), oʻzbek mumtoz ashulalari („Bebokcha“, „Figʻon“, „Sharob“ va boshqalar), zamonaviy bastakorlar (I. Ikromovning „Bir kulib qoʻy“, Orif Qosimovning „Kutarman“) hamda oʻzlari yaratgan asarlar („Seni oʻylayman“, „Shirin zabonim“, „Jon Oʻzbekistonim“, „Yashar sevgim“, „Doʻstlarim“ va boshqalar), shuningdek Sharq xalqlari qoʻshiqlari (eroncha „Muborak“, turkcha „Xolida“, arabcha „Habibiy“, afgʻoncha „Laylijon“) keng oʻrin olgan.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil