Valentin Ivanovich Ulomov (1933-yil 7-yanvar, Toshkent – 2017-yil 6-iyun, Moskva) – geofizik, seysmolog. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi (1984), fizika-matematika fanlari doktori (1974), professor (1982).

Valentin Ulomov
Tavalludi 7-yanvar 1933-yil
Vafoti 6-iyun 2017-yil
Moskva, Rossiya
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR Rossiya bayrogʻi Rossiya

Biografiyasi

tahrir

Valentin 1933-yil 7-yanvarda Toshkentda tavallud topgan. 1955-yilda Oʻrta Osiyo politexnika institutining konchilik fakultetini foydali qazilmalarni qidirishning geofizik usullari mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan. 1959-yildan Toshkent seysmostansiyasining kichik ilmiy xodimi, keyinchalik boʻlim boshligʻi boʻlib ishlagan. 1960-yildan – OʻzSSR FA Geologiya va geofizika instituti direktorining oʻrinbosari, 1966-1985-yillarda Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti direktorining oʻrinbosari boʻlib faoliyat yuritgan. Shu bilan birga 1990-yilgacha Toshkent seysmologiya observatoriyasida faoliyatini davom ettirdi.

Ulomov 1964-yil SSSR FA Yer fizikasi institutida (Moskva) „Oʻrta Osiyoning janubi-sharqidagi yer qobigʻining chuqur tuzilishini seysmologik maʼlumotlar boʻyicha oʻrganish“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi va fizika-matematika fan nomzodi ilmiy darajasini oldi. 1974-yilda „Zilzilani bashorat qilish muammosi bilan bogʻliq holda Oʻrta Osiyoda yer qobigʻining chuqur tuzilishi va dinamikasini tadqiq etish“ doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1964-yilda Toshkentda Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston seysmik kuzatuvlar markazini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi va mazkur markazga 15 yil rahbarlik qildi. 1966-yilda esa Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Seysmologiya institutini tashkil etdi. 1984-yildan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi boʻldi[1].

Ulomov 1990-yil dekabrdan Yer fizikasi institutida (Moskva) kontinental seysmiklik laboratoriyasi mudiri boʻlib, 2004-yildan esa bosh ilmiy xodim boʻlib ishladi. 1995-yil fevral oyida Nyu-York Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylandi.

Valentin Ivanovich 2017-yil 6-iyun Moskva shahrida vafot etgan[2].

Ilmiy faoliyati

tahrir

Ulomov fundamental va amaliy seysmologiya, litosferaning tuzilishi va dinamikasi, zilzila manbalari fizikasi va ularni prognozlash, global va mintaqaviy seysmiklik hamda seysmik rayonlashtirish va seysmik xavfli rayonlashtirish sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib borgan.

Zilzilalar oldidan radon chiqindilarining paydo b’lishi haqidagi prognostik hodisa ilmiy kashfiyoti muallifi. Valentin 250 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi hisoblanadi.

Oilasi

tahrir

Valentin Ivanovich Nina Vladimirovna Ulomova (qizlik familiyasi Beresneva) bilan oila qurgan. 1960-yilda ularning Igor ismli oʻgʻli dunyoga keldi.

Mukofotlari

tahrir

Ulomov rayonlashtirish va seysmik xavflarni bashorat qilish sohasidagi ishlari uchun 1981-yil Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

2002-yil „Rossiya Federatsiyasi hududini umumiy seysmik rayonlashtirish: metodologiya va OSR-97 xaritalari toʻplami“ ishi uchun Rossiya Federatsiyasining fan va texnika sohasidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan[3].

Manbalar

tahrir

Adabiyot

tahrir
  • Dinamika Zemnoy kori Sredney Azii i prognoz zemletryaseniy, T. 1974, Glubinnoye stroyeniye Zemnoy kori yugovostoka Sredney Azii, po dannim seysmologii, T., 1966.