Valyuta tizimi — valyuta harakati bilan bogʻliq iqtisodiy va huquqiy munosabatlar majmui. V.t. valyutalar, ulardan foydalanish va oʻzaro almashinuv, toʻlov vositasi sifatida qoʻllanilishi, shuningdek valyutalarni ishlatish bilan bogʻliq pul-kredit munosabatlarining qoida va tadbirlari majmuidan iborat. Shuningdek valyutalarni chiqarish va ularning muomalada boʻlishini tartibga soladigan organlar ham V.t. ga kiradi. Milliy, mintaqaviy (mas., Yevropa), jahon V.t.lari mavjud. V.t.ning asosiy vazifasi mamlakat ichida va mamlakatlararo pul hisobkitoblarini taʼminlash uchun sharoit yaratishdir. Valyuta kursi tartiboti, valyuta cheklasharining bor yoki yoʻqligi, xalqaro hisob-kitoblar shakli, valyutalarni oʻzaro qaytarish shartlari, xalqaro valyuta va oltin bozorlari tartiboti, xalqaro valyuta-kredit tashkilotlarining huquqiy holati (mas., Xalqaro valyuta fondi) kabilar V.t.ning asosiy unsurlarini tashkil etadi. Dastlab milliy xoʻjalik doirasida paydo boʻldi. Jahon bozorinint vujudga kelishi bilan jahon V.t. ham shakllandi. 20-asr boshida jahon V.t. oʻz taraqqiyotining yuksak bosqichiga yetdi (qarang Oltin standart). Kapitalizmning umumiy inqirozi davrida jahon V.t. ham inqirozga yuz burdi, oltin muomala va toʻlov vositasi vazifasini yoʻqotdi. Hoz. xalqaro hisoblarning koʻpchiligi naqd pul ishtirokisiz, bank oʻtkazmalari vositasida amalga oshirilsada, lekin oltin mamlakatlarning oʻzaro pul oldi-berdisini va majburiyatlarini tartibga solib turuvchi soʻnggi asosiy vosita hisoblanadi. Uning xazinadagi zahiralari esa valyutalar barqarorligi va ayrim mamlakatlar iqtisodiy imkoniyatlarining muhim koʻrsatkichidir. Xalqaro toʻlov muomalalarida qogʻoz valyutadan foydalaniladi. Bunda AQSH dollari, Germaniya markasi, Yaponiya iyenasi, Fransiya franki, Angliya funt sterlingi va b. valyutalarning salmogʻi katta.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil