Vermikulitli beton - toʻldirgichi koʻpchigan vermikulit boʻlgan yengil beton. Bogʻlovchi materiallar sifatida sement, bitumlar, eriydigan shisha, sintetik smola va b. ishlatiladi. Issiq saqlaydigan va konstruksion-issiq saqlaydigan xillari bor.

Issiq saqlaydigan (teploizolyatsion) V.b. uchun eng yuqori temperatura 600° (bogʻlovchisi sement boʻlganda) va 150° (bogʻlovchisi sintetik smola boʻlganda) hisoblanadi. Bunday V.b.dan plitalar, qobiqlar, segmentlar, bloklar tayyorlanadi, u sanoat jihozlari, katta suv va gaz quvurlarini issiqlik jihatdan izolyatsiyalash, toʻsuvchi qurilish konstruksiyalarini issiq saqlaydigan qilish uchun ishlatiladi. Konstruksion-issiq saqlaydigan V.b.dan devor panellari, orayopmalarning plitalari va b. tayyorlanadi. Sement yoki eriydigan shisha qoʻshib tayyorlangan bunday V.b. issiqbardosh boʻladi va 800° gacha temperaturali sharoitda qoʻllanadi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil