Vertolyot yoki tikuchar gorizontal parraklar yordamida ko‘tariluvchi va harakat etuvchi havo kemasidir. Vertolyot atamasi ruscha вертолёт (aylanma uchoq) so‘zidan olingan.

Tikuchar 1922
Mi-8

Vertolyot — tikka koʻtariladigan va qoʻnadigan havodan ogʻir uchish apparati; unda koʻtarish kuchini bitta yoki bir nechta (koʻpincha, ikkita) eltuvchi vint vujudga keltiradi. V. turgan joyidan koʻtariladi, tikkasiga pastlab qoʻnadi, osmonda bir joyda muallaq turishi, vertikal oʻq atrofida istalgan tomonga burilishi, xohlagan yoʻnalishda toʻgʻri uchishi mumkin. V.ni ninachiga qiyosan yasashga koʻp urinishlar boʻlgan. Dastlabki urinish 15-asrga toʻgʻri keladi. V.ning birinchi rasmi italyan olimi Leonardo da Vinchi qoʻlyozmalaridan birida topilgan. U gelikopter (yun. heliros — spiral, vint va pteron — qanot) yasash gʻoyasini bergan, lekin uni amalga oshirolmagan. Yuqoriga koʻtarila oladigan dastlabki V. (gelikopter) modelini rus olimi M. V. Lomonosov 1754 yilda yasagan. Unda dvigatel rolini prujina oʻtagan, uning ikki tomonga aylanadigan ikki vinti boʻlgan. Vint-qanotli apparatlar, yaʼni V.lar yasash gʻoyasini Fransiyada 1835—65 yillarda P.d.’ Amerkur va G.de Landell rivojlantirishdi. Rus olimi B. N. Yurev 1912 yilda havo vinti nazariyasini rivojlantirib, V. sxemasini taklif qildi va 1930 yilda shu sxema boʻyicha, asosiy elementlari zamonaviy V.nikiga uxshash bir vintli, bir oʻrinli SAGI 1—EA rusumli jahonda birinchi V.ning tajriba variantani yasadi. Shu bilan u vertolyotsozlikka asos soldi. 1941 yilda u I. P. Bratuxin bilan birga ikki vintli "Omega" vertolyotini yasadi va 1946 yilda uchirib namoyish qildi. Shundan keyin birin-ketin turli rusumdagi V.lar yasala boshladi. Rossiyada M. L. Mil va N. I. Kamov rahbarligidagi ilmiy-loyihalash muassasasi, AQShda "Sikorskiy". "Boing", "Bell", "Kaman", Fransiyada "Syudaviason", Angliyada "Uestlend", Italiyada "Agusta" firmalari V.sozlikka katta hissa qoʻshishdi. V.larni koʻplab i.ch. sobiq Ittifoqda 1951 y. boshlandi. M. L. Milning "Mi4", "Mi-6", "Mi-8", "Mi-10", "Mi-12" V.lari, keyinchalik N. I. Kamovning "Ka-15", "Ka-18, "K-25", "K-26", "Ka-50" "Uchuvchi akula" harbiy V. va b. Rusumli V. ishlab chiqarila boshladi. Hozir turli-tuman rusumli V.larni i.ch. taraqqiy etgan.

V.ning tezligi 350 km/soat gacha yetadi (agar qoʻshimcha dvigatel oʻrnatilsa 500 km/soat dan oshadi), 50 t gacha yukni koʻtarib ucha oladi. V.ning bir vintli, ikki vintli va koʻp vintli, qanotli va qanotsiz xillari boʻladi. Har qanday sxemadagi V. planer (fyuzelyaj, shassi, boshqarish organlari, elektr, radio va navigatsiya jihozlari), vintli eltuvchi tizim (eltuvchi vintlar), dvigatel (kuch) qurilmasi (qarang Vertolyot dvigateli) dan iborat. Mexanik yuritmali bir vintli V.da bulardan tashqari quyruq vinti va bu vintni boshqarish tizimi ham boʻladi. V.lar xalq xoʻjaligida (qarangx. zararkunandalari bilan kurashish, yoʻlovchilar va yukni tashish), geol.-qidiruv ishlarini bajarish, gravimetrik suratga olish, muzliklarni kuzatish, oʻrmondagi yongʻinlarni oʻchirish, yirik jihozlarni tashish va oʻrnatishda, qurilishda, borish qiyin boʻlgan joylarga shifokorlarni olib borishda, qutqaruv ishlari va b. ishlarda keng qoʻllanadi. V.lardan harbiy ishda ham foydalaniladi (yana q. Aviatsiya).[1]


Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil