Vladimir Aleksandrovich Jonibekov (1942.13.5, Toshkent viloyati, Iskandar qishlogʻi) – uchuvchi-kosmonavt, aviatsiya general mayori (1985). Ikki marta Qahramon unvoniga sazovor boʻlgan (1978, 1981). Mongoliya Xalq Respublikasi Qahramoni (1981). Toshkent Suvorov bilim yurtini (1960), Yeysk (Rossiya Federatsiyasi) uchuvchilar tayyorlash oliy aviatsiya bilim yurtini (1965) tugatgan. 1970-yildan kosmonavtlar otryadila. Jonibekov 1985—88-yillarda Kosmonavtlar tayyorlash markazi (KTM) da kosmonavtlar otryadining komandiri, 1988-yildan KTM Nazariy va ilmiy tadqiqot tayyorgarlik boshqarmasi boshligʻi. Birinchi kosmik parvozini 1978-yil 10—16 yanvarda „Soyuz-27“ KK (kema komandiri) (O. G. Makarov bilan birga) va „Salyut-6“ – „Soyuz-26“ (ekipaj Yu. V. Romanenko va G. M. Grechko) – „Soyuz-27“ orbital majmuada bajargan. Yerga „Soyuz-26“ KK da kashtan. Jonibekov ikkinchi kosmik parvozini 1981-yil 22—30 martda „Soyuz-39“ KK (kema komandiri) (mongol kosmonavti Jonibekov Gurragcha bilan birga) va „Salyut-6“ – „Soyuz T-4“ (ekipaj V. V. Kovalyonok va V. P. Savinix) – „Soyuz-39“ orbital majmuada „Interkosmos“ dasturi boʻyicha amalga oshirdi. U uchinchi kosmik parvozini 1982-yil 24 iyun – 2 iyulda „Soyuz T-6“ KK (kema komandiri) (A. S. Ivanchenko va fransuz kosmonavti Jan-Lu Jak Mari Kretyen bilan birga) va "Salyut-7 – „Soyuz T-5“ (ekipaj A. N. Berezovoy va V. V. Lebedev) – „Soyuz T-6“ orbital majmuada bajardi. Jonibekov toʻrtinchi kosmik parvozini 1984-yil 17—29 iyulda „Soyuz T-12“ KK (kema komandiri) (S. Ye. Savitskaya va I. P. Volk bilan birga) va „Salyut T-7“ – „Soyuz X-11“ (ekipaj L. Yu. Kizim, V. A. Solovyov va O. Yu. Atkov) – „Soyuz T-12“ orbital majmuada amalga oshirdi. 25 iyulda Svetlana Yevgenyevna Savitskaya bilan ochiq kosmosga chiqib, yangi universal dastaki asbobni sinashga doyr ishlarni uddaladi. Jonibekov beshinchi kosmik parvozini 1985-yil 6 iyun – 26 sentda „Soyuz T-13“ KK (kema komandiri) (V. P. Savinix bilan birga) va „Salyut-7“ – „Soyuz T-13“ orbital majmuada bajardi. V. P. Savinix bilan birga dunyoda birinchi marta oʻzi parvoz qilayotgan KK— „Soyuz T-13“ ni kosmosda nazoratsiz parvoz qilayotgan orbital stansiya— „Salyut-7“ ga tutashtirdi. Kosmonavtlar „Salyut-7“ ga oʻtganlaridan soʻng uning ishga yaroqliligini tiklashga doyr ishlarni bajarishdi. 1985-yil 2 avgustda Jonibekov kosmonavt V. P. Savinix bilan birga ochiq kosmosga chiqib, qoʻshimcha quyosh batareyalari panellarini oʻrnatishdi. Unumli ilmiy tadqiqot va amaliy ishlarni bajarganidan soʻng Jonibekov 1985-yil 26 sentabrda oʻsha paytda „Soyuz T-14“ KK da V. V. Vasyutin va A. A. Volkov bilan birga parvoz qilayotgan G. M. Grechko bilan birga „Soyuz T-13“ KK da yerga qaytib tushdi. Jonibekov oʻzining kosmosga qilgan besh parvozi mobaynida kosmosda 145 kun 15 soat 58 min. 29 sek. boʻlgan.

Vladimir Jonibekov

Jonibekov tasviriy sanʼat bilan ham shugʻullangan. Uning kosmos mavzuidagi baʼzi rasmlari badiiy koʻrgazmalarda namoyish qilingan. Pomir-Olay togʻlaridagi mutlaq bal. 4912 m boʻlgan choʻqqi „Vladimir Jonibekov choʻqqisi“ deb atalgan (1985). Toshkentdagi Kosmonavtlar xiyobonida Jonibekovga byust oʻrnatilgan (1984).

Sobit Ilyosov.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil