Voha tuproqlari
Voha tuproqlari — sugʻorma dehqonchilik mintaqalaridagi tuproqlar. Keng daryo vodiylari, togʻlararo soyliklar va togʻ etaklarining nishab tekisliklaridagi vohalarda tarqalgan. Oʻrta Osiyo V. t. qadimdan dehqonchilik qilib kelinayotgan hududlardagi tuproqlarning asosiy qismini tashkil etadi.
Sugʻorma dehqonchilik taʼsirida V. t. mutlaqo yangi belgilarga ega boʻlib boradi. Sugʻoriladigan yerlarga beriladigan suv bilan birga oziq moddalarga boy oqiziqlar keladi. Amudaryo suvlaridagi oʻrtacha yillik oqiziqlar miqdori Termiz sh. yonida 206 mln. t, Nukus sh. yonida esa 104 mln. t ni tashkil etadi. Oqiziqlarning asosiy qismi kanallarda choʻkib qoladi, shuning uchun sugʻorish shoxobchalarini tez-tez tozalab turish zarurati tugʻiladi. Zarafshon daryosi havzasidagi dalalarga sugʻorish suvi bilan birga har yili gektariga 10,8 — 17,8 t gacha oqiziq jinslar, jumladan, oʻrtacha 2350 kg/ga SaSO3 485 kg/ga K2O va 0,41 kg/gacha R2O5 oqib keladi. Sugʻoriladigan yerlarga kelib tushadigan agroirrigatsion yotqiziqlar miqdori yiliga 0,8—1,3 mm ga ortadi. Samarqand, Buxoro, Murgʻob va Xorazm singari qad. vohalardagi bunday yotqiziqlar qalinligi 1—2 m va undan ortiq.
Morfologik tuzilishi, agrokimyoviy, agrofizik, biologik xususiyatlari va meliorativ holatiga koʻra Oʻrta Osiyoning sugʻorma dehqonchilik mintaqalaridagi V. t. turli tiplarga, yaʼni choʻl mintaqasining oʻtloqi-voha, botqoqivoha va taqirli-voha tuproqlariga, sur tuproqlari mintaqasining oʻtloqivoha, botqoqi-voha va sur tuproqli-voha tuproqlari tipiga mansub. Agroirrigatsion yotqiziqlar qalinligiga koʻra: yupqa (35— 50 sm), oʻrtacha (70—80 sm) va juda qalin (1 m dan koʻp) boʻlgan tuproqlarga ajratiladi.
V. t.ning paydo boʻlish jarayoni oʻziga xos zonal belgilarga ega. Bu jarayonni ikki asosiy bosqichga boʻlish mumkin. Birinchi bosqichda V. t.ning tabiiy belgilari (qoʻriqlik) saqlanib qoladi. Masalan, haydash va sugʻorish taʼsirida tusi, qalinligi, strukturasi, chimli va chim osti qatlamlarining joylanishi turlicha boʻlgan sur tuproqlardan zichligi, mexanik tarkibi deyarli bir xil, kulrangroq haydalma va yanada zichroq haydov osti qatlamlar shakllanadi.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- Bahodirov M., Tuproqshunoslik, T., 1971; Ermatov A. Q., Sugʻoriladigan dehqonchilik, T., 1983.
Abdurahim Ermatov.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |