Voyaga yetmaganlar javobgarligi

Voyaga yetmaganlar javobgarligi — 18 yoshga to'lmasdan jinoyat sodir qilgan shaxslarning javobgarligi, jinoyat qonuniga binoan tayinlanadigan, qat'iy cheklangan jazo turlari. O'zR jinoyat qonunida voyaga yetmaganlar sodir etadigan jinoyatlarning o'ziga xos xususiyatlari va b. holatlari e'tiborga olinib, alohida javobgarlik belgilangan. Bular: a) jarima; b) axloq tuzatish ishlari; v) qamoq; g) ozodlikdan maxrum qilish jazolaridan biridir. Ular jinoyatning turi va harakteriga qarab tayinlanadi va voyaga yetmaganlarga nisbatan jazoning boshqa turlari, qo'shimcha jazolar tayinlanishi mumkin emas (O'zR JK, 81-modda). Voyaga yetmasdan jinoyat sodir qilgan shaxslarga nisbatan tayinlanadigan jazo miqdori va muddatlari ancha qisqartirilgan. Axloq tuzatish ishlari 1 oydan 1 y. gacha muddat doirasida belgilanadi va bu jazoni o'tash uchun mahkumni o'zi yashayotgan joydan boshqa joylarga jo'natish mumkin emas. Qamoq jazosi 1 oydan 3 oygacha muddat doirasida tayinlanadi. Ozodlikdan mahrum qilish muddati ham voyaga yetmaganlar yoshi va jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab belgilanadi: u 16 yoshga to'lmaganlarga — uncha og'ir bo'lmagan jinoyat uchun — 3 y.gacha; og'ir jinoyat uchun — 6 y.gacha; o'ta og'ir jinoyat uchun — 10 y.gacha; 16 yoshdan 18 yoshgacha bo'lganlarga — uncha og'ir bo'lmagan jinoyat uchun — 4 y.gacha; ogir jinoyat uchun 7— y.gacha; oʻta ogʻir jinoyat uchun — 10 y.gacha muddat doirasida tayinlanadi va har qanday holda bu muddatlardan chetga chiqilishi mumkin emas (OʻzR JK 85- va 86-moddalari). Sud tomonidan ozodlikdan mahkum etishga hukm qilingan voyaga yetmaganlar jazoni Voyaga yetmaganlar tarbiya koloniyasida oʻtaydi. Voyaga yetmaganlarni javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilishning alohida qoidalari tadbiq qilinadi.

Shuningdek, jinoyati uchun 3 y.dan koʻp boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan yoki undan ham yengilroq boshqa jazo olgan voyaga yetmaganlarni sud javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilib, jinoiy jazo hisoblanmagan quyidagi majburlov choralarini qoʻllashi mumkin: a) sud belgilaydigan shaklda jabrlanuvchidan uzr soʻrash; b) 16 yoshga toʻlgan shaxs zimmasiga yetkazilgan zararni oʻz mablagʻi hisobidan yoki mehnati bilan toʻlash yoki zararni bartaraf qilish majburiyatini yuklash; v) voyaga yetmaganni maxsus oʻquvtarbiya muassasasiga joylashtirish. Uning jinoyatlari haqidagi ishlarni yuritish tartibi umumiy qoidalar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi JPK 548—564-moddalari asosida belgilanadi.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil