William Somerset Maugham
William Somerset Maugham (talaffuzi: Uilyam Somerset Moem; 1874-yil 25-yanvar, Parij – 1965-yil 16-dekabr, Nice) – ingliz yozuvchisi. Fransiyadagi Britaniya elchixonasida xizmat qilgan. Heidelberg universitetida, keyin Londondagi tibbiyot institutida tahsil koʻrgan. Maughamning shu yillarda kechirgan hayoti materiallari asosida yozilgan „Liza of Lambeth“ („Lambetlik Liza“) (1897) romani mashhur. Shundan keyin Maugham vrachlik ixtisosidan voz kechib, yozuvchilik bilan shugʻullangan. U asosan Fransiyaning janubiy tomonlarida yashab, 60 yillik adabiy faoliyati davomida koʻplab roman, hikoya, pyesa, adabiy-tanqidiy etyud va memuar asarlar yozgan.
William Somerset Maugham | |
---|---|
Maugham (1934) | |
Tavalludi |
William Somerset Maugham 25-yanvar 1874-yil |
Vafoti |
16-dekabr 1965-yil (91 yoshda)[1] Nice, Fransiya |
Fuqaroligi | Birlashgan Qirollik |
Taʼlimi | Heidelberg universiteti |
Kasbi | Yozuvchi |
Faoliyat yillari | 1897–1964 |
Turmush oʻrtogʻi |
Syrie Wellcome (turm. 1917; ajr. 1929) |
Bolalari | Mary Elizabeth (Liza) Wellcome |
Otasi | Robert Ormond Maugham |
Onasi | Edith Mary Snell |
Maugham Birinchi jahon urushi yillarida Britaniya razvedkasining xodimi sifatida bir qancha mamlakatlar, shu jumladan, Rossiyada ham boʻlgan va „Ashenden: Or the British Agent“ („Ashenden yoki Britaniya agenti“) (1928) hikoyalar toʻplamida shu haqda naql qiladi. Maugham birinchi pyesasi – „Lady Frederick“ („Ledi Frederick“) (1907) ning katta muvaffaqiyat qozonganidan ragʻbatlanib, „The Unknown“ („Nomaʼlumlik“) (1920), „For Services Rendered“ („Sadoqatli xizmati uchun“) (1932) va „Sheppey“ (1933) pyesalarini yozgan. Maugham pyesalarida XX asrning 1-yarmidagi ingliz jamiyati hayoti manzaralari aks etgan. Adibning Yomgʻir nomi ostida hikoyalar toplami Akademnashr nashryotida oʻzbekchaga oʻgirilib chop etildi. „The Moon and Sixpence“ („Oy va choychaqa“) (1919), „Cakes and Ale“ („Shirin kulcha va pivo“) (1930), „Theatre“ („Teatr“) (1937) va boshqa asarlar muallifi. Maughamning „Of Human Bondage“ („Insoniy ehtiroslar zalvori“) (1915) avtobiografiy romani, ayniqsa, mashhur boʻlib, unda roman qahramoni – yosh yigit va u bilan toʻqnashgan kishilar talqinidagi nozik psixologizm hayot manzaralarining keng tasviri bilan tutashgan holda asarga oʻzgacha badiiy latofat bagʻishlagan. „Notanish odam Parijda“ romani oʻzbek tiliga tarjima qilingan (2002).
Manbalar
tahrir- ↑ Morgan, Ted. Maugham. Nyu-York: Simon and Schuster, 1980 — 617-bet. ISBN 978-0-67-150581-3. OCLC 1036531202.
Adabiyotlar
tahrir- Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.
Havolalar
tahrirVikiiqtibosda William Somerset Maughamga tegishli iqtiboslar mavjud. |