Xabarovsk (1893-yilgacha Xabarovka) – Rossiya Federatsiyasidagi shahar (1880-yildan), Xabarovsk oʻlkasi markazi, Amur daryosining oʻng sohilidagi port. Uzoq Sharqning muhim transport yoʻllari chorraxasi. Transport yoʻli stansiyasi. Aeroport bor. Aholisi 583,1 ming kishi (2002).

Shahar 1858-yil Xabarovka harbiy posti sifatida vujudga kelgan, 1880-yildan Primorye viloyatining maʼmuriy markazi. 1884-yildan Priamurye general gubernatorligi markazi. 1893-yildan rus sayyohi Ye. P.Xabarov sharafiga Xabarovsk deb atalgan. 1902-yilda Xabarovskda „Arsenal“ harbiy zavodi qurilgan. 1904-yildan Amur harbiy flotining bazasi. XX asr boshlarida Xabarovsk Uzoq Sharqning yirik savdo markaziga aylandi. 1926-1938 yillarda Uzoq Sharq oʻlkasi markazi.

Mashinasozlik va metallsozlik (stanoksozlik, kemasozlik va kema taʼmirlash, kabel va boshqa zavodlar), neftni qayta ishlash, yengil, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor; qurilish materiallari ishlab chiqariladi, kimyofarmatsevtika zavodi faoliyat koʻrsatadi. 8 ta oliy oʻquv yurti, 7 ta ilmiy tadqiqot instituti, 3 ta teatr, oʻlkashunoslik, adabiyot, badiiy muzeylar, telemarkaz bor. Shahar atrofida 3 ta sanatoriya, dam olish uylari mavjud[1].

Manbalar

tahrir