Xayriniso Majidxonova — 1905-yil Toshkentda, maʼrifatparvar oilasida dunyoga keldi. Uning otasi Majidxon XX asr boshlarida Moskva, Peterburg kabi shaharlarda boʻlib qaytgan, oʻz davrining ilgʻor fikrlari bilan tanishligii uchun qizlariga zamonaviy taʼlim berishga, turli tillarni oʻrganishiga harakat qilgan. Shuning uchun ham mutaassiblar bu shaxsga „Majid oʻris“, „Majid kofir“ deb laqab berganlar, qizlarining yuzlarini ochib, oʻqib yurishlarini qoralaganlar. Xayriniso shunday bir vaziyatda yashab, mahallasidagi oʻqimishli tatar, rus, nemis qizlari bilan dugona boʻlib oʻsdi. U opasi bilan birga Munavvar Qori, Saodat Yenikyeva kabi oʻz davrining ilgʻor ziyolilaridan saboq oldi. 1922-yil oxirida bir guruh oʻgʻil-qizlar qatorida Turkistondan Germaniyaga oʻqishga yuboriladi. U 1924-1926-yillarda Mariyam Sultonmurodova bilan birgalikda Darmstadt shahrida oʻqituvchilar seminariysida, tibbiyot kurslarida oʻqib[1], nemis tili va adabiyotini oʻrgana boshladi. „Ezilgan millatlar, qorongʻilikda qolgan yurtini kelgusida chin bilim bilan yoritmoq uchun bu yil xorijga ketgan talabalar orasida qizim Xayriniso ham bor edi. Bilim uchun uzoq ellarga birinchi oʻzbek qizini yuborish sharafi, shukrlar boʻlsunkim, menga nasib boʻlmish“, deb xursand boʻlgan edi Xayriniso Majidxonovaning otasi[2]. 1927-yil yozda, taʼtil vaqtida Xayriniso va Mariyam Parijga qilgan sayohatlari vaqtida tasodifan ushbu shaharda yashab turgan buxorolik Ahmad Naim va Turkiston muvaqqat hukumatining sobiq raisi Mustafo Choʻqayevlar bilan uchrashib qoladilar. Hali yoshlar Germaniya tahsilini davom ettirayotgan paytlarida sovet hukumati bir bahona bilan ularning stipendiyasini toʻxtatib qoʻyadi. Shundan soʻng yoshlar moddiy qiyinchiliklar bilan tahsilni davom ettirishadi. Germaniyada 6 yil taʼlim olgan Xayriniso 1928-yilda Oʻzbekistonga qaytib keldi va 1937-yil 13-sentabrga qadar Kasaba uyushmalari Markaziy qoʻmitasi xodimlari hamda jumhuriyat boshlangʻich va oʻrta taʼlim oʻqituvchilarining dam olish uyida shifokor boʻlib ishlaydi. Yevropa tibbiyoti yutuqlari boʻyicha egallagan bilimlari unga bu ishda qoʻl keldi. Xayriniso 1937-yil 13-sentabrda qamoqqa olindi va unga "1922-1928-yillarda Germaniyadagi „Turkiston“ aksilinqilobiy millatchilik tashkilotining aʼzosi boʻlgan, 1928-yilda uning topshirigʻi bilan SSSRga josus boʻlib kelgan, SSSR dagi oʻsha „Turkiston“ tashkiloti aʼzolari bilan aloqada boʻlgan", — degan aybalar qoʻyilgan. Oʻsha kuni otasi yashaydigan xonadonda tintuv oʻtkazilib, Xayrinisoning pasporti, Germaniyaning 100 markali tangasi, oʻsha yerdan kelgan 112 ta maktub, 4 ta yozishma, 5 ta yon daftar va 3 ta kitob olib ketildi. Xayriniso Majidxonovaning yondirilgan kitoblari orasida Germaniyadan olib kelingan tibbiy asarlar, bolalar kitoblari bilan birga Gyote, Shillerning nemis tilidagi kitoblari, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon kabi buyuk oʻzbek shoir va yozuvchilarining oʻzbek tilidagi asarlari ham bor edi. Uning Germaniyadan olib kelgan hamma materiallari yoqib yuboriladi. 1937-yil 22-dekabrda boʻlgan soʻroqda „Siz oʻz aybingizni boʻyningizga olasizmi?“- degan savolga javoban Xayriniso barcha ayblarning asossizligi va bularni mutlaqo tan olmasligini taʼkidlagan: „Men oʻz aybimni faqat quyidagilarda deb bilaman: 1922-1928-yillarda Germaniyada oʻqigan vaqtlarimda aksilinqilobchi Mustafo Choʻqayev va Zakiy Validiylar aksilshoʻroviy nutqlar soʻzlagan Turkiston talabalarining uchta yigʻilishida qatnashganman; Germaniyada boʻlgan paytimizda 1927-yili dugonam Mariyam Sultonmurodova bilan birga Parijga borganmiz; aksilinqilobchi M.Choʻqayev va A.Naimlar bilan bir necha bor uchrashganmiz; SSSRga qaytganimdan keyin, 1931-1932-yillarda Oʻzbekiston Oʻrta Osiyo tibbiyot institutida ilmiy xodim sifatida ishlagan Germaniya fuqarosi professor Englyand bilan munosabatda boʻldim. Uning xonasiga kirib turganimga sabab men unga oʻzbek tilidan dars berar, oʻzim esa undan nemis jonli soʻzlashuv tilini oʻrganar edim“. Masala shunday ravshan boʻlganiga qaramasdan, tergov bir yildan ortiq davom etdi va SSSR Oliy Sudi Harbiy Kollegiyasining Alekseyev boshchiligidagi sayyor guruhi 1938-yil 9-oktabrda Xayriniso Majidxonovani OʻzSSR Jinoyat Majmuasining 62, 64 va 67-moddalari boʻyicha aybdor deb hisoblab, Germaniyada o`qiganligi uchun nemis shpionini sifatida otib tashlangan[3] Xayriniso Majidxonovaning jiyani u haqida shunday xotirlaydi: „Xayriniso xolamning orzulari katta edi. Xolam Germaniyadan keltirgan tibbiyotga oid turli qoʻllanmalarni nemis tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilishga kirishgan, ilmiy tadqiqotlarini boshlagan edilar“. Mustaqillik yillarida, aniqrogʻi 1999-yil 7-oktabrda Xayriniso Majidxonova Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Sudi tomonidan oqlandi.

Havolalar

tahrir

Manbalar

tahrir