Xivchinoyoqlilar (Pedipalpi) -oʻrgimchaksimonlarning bir guruxi. X.ning 3 turkumi: telifonlar, tartaridalar va frinlar bor. Telifon (chayonoʻrgimchak)lar (70 tur) tanasi 7 sm gacha. Boshkoʻkragi birikkan, qorni boʻgʻimlarga boʻlingan ipsimon dum bilan tugaydi. Tartaridalar (30 tur) tanasi 2–7 mm. Koʻzi yoʻq. Tuproqda, oʻsimlik qoldiklari ostida va boshqa joylarda yashaydi. Tuxumini tuproqdagi chuqurchaga qoʻyadi va shu yerda tuxumdan bolalari chiqadi. Frinlar (50 tur) kattaligi 45 mm gacha. Boshkoʻkragi qalqon bilan qoplangan. Urgʻochisi 60 ga yaqin tuxumini qorni tagida olib yuradi. 3 yoshda voyaga yetadi. X., asosan, tropik mintaqalarda tarqalgan. Hasharotlar va boshqa mayda umurtqasizlar bilan oziqlanadi.