Yakkabogʻdaryo
Yakkabogʻdaryo (Irgʻayli, Saritoʻqay, Qizildaryo) — Qashqadaryo havzasidagi sersuv daryolardan biri. Tanxozdaryoning chap irmogʻi hisoblanadi.
Yakkabogʻdaryo | |
---|---|
Yakkabogʻdaryo (Tanxozdaryoga quyilish) | |
Tavsif | |
Uzunligi | 99 |
Maydoni | 1 180 km² |
Havzasi | 755 |
Suv sarfi | 6,11 m³/s |
Suv oqimi | |
Boshlanishi | Hisor tizmasi |
Quyilishi | Qashqadaryo |
Davlat | Oʻzbekiston |
Yakkabogʻdaryo |
Joylashuvi
tahrirYakkabogʻdaryo Hisor tizmasining janubi-gʻarbiy yonbagʻirlaridagi 2000 metrdan baland boʻlgan togʻlardan boshlanadi[1].
Tuzilishi
tahrirDaryoning uzunligi 99 km ga teng. Havzasining umumiy maydoni 1180 km2, shu jumladan, suv toʻplash maydoni 755 km2 ga teng. Daryo Hisor tizmasining gʻarbiy yon bagʻridagi muzliklardan 3949 m balandlikda boshlanadi.
Nomlanishi
tahrirDaryoning yuqori oqimida Irgʻayli, keyinroq Saritoʻqay, Qizildaryo nomlari bilan maʼlum. Yakkabogʻ qishlogʻidan oʻtgach, Yakkabogʻdaryo deb ataladi.
Irmoqlari
tahrirDaryoning yuqori oqimida unga buloqlardan boshlangan koʻp sonli jilgʻalar kelib quyiladi. daryoning asosiy irmoqlari ikkita boʻlib, oʻngdan — Qarankoʻlsoy, chapdan — Tirna nomli irmoqlar qoʻshiladi. Daryoning suvi bu qismida sugʻorishga sarflanadi. Asosan, qor va muzliklar suvidan toʻyinadi.
Qashqadaryoga quyiladigan irmoqlardan faqatgina Yakkabogʻ daryosigina toʻgʻridan-toʻgʻri daryoga kelib quyilmaydi. Daryo togʻlardan chiqishi bilan 2 ta tarmoqqa boʻlinadi, ularning birinchisi Qorabogʻdaryo boʻlib, u gʻarbga tomon oqadi hamda asosan sugʻorish ishlariga sarflanadi. Ikkinchi tarmoq esa Qizilsuv nomi bilan mashhur boʻlib shimoli-gʻarbga tomon oqib, avvaliga Tangxoz daryosiga, keyin Qashqadaryoga borib quyiladi. Qashqadaryoning oʻrta oqimida Oqsuv, Yakkabogʻ va Tangxoz daryolari quyilishi sababli ham, uning yillik oqimining salkam 80 foizi shu daryolar suvi hisobiga hosil boʻladi[2].
Yakkabogʻ daryosi Qashqadaryoga chap tomondan kelib quyiladi.
Suv sarfi
tahrirOqsuv, Yakkabogʻdaryo va Tangxoz daryolari baland togʻlardan (balandligi oʻrtacha 2170-2702 metr) boshlanganligi sababli, asosan qor-muz suvlaridan toʻyinadigan daryolar sirasiga kiradi. Shu sababli Qashqadaryoning toʻlib oqish davri mart-iyun oylariga toʻgʻri keladi va bu yillik oqimning 64 foizini tashkil etadi. Bu daryolar eng sersuv daryolardir. Ularda eng koʻp oylik suv sarfi iyun oyiga, eng kam suv sarfi esa dekabrga toʻgʻri keladi. Oʻrtacha koʻp yillik suv sarfi Oqsuv daryosida 13.8 m3/sek, Tangxoz daryosida 4.30 m3/sek va Yakkabogʻ daryosida 8.08 m3/sek ga teng[2].
Oʻrtacha koʻp yillik suv sarfi Tatar qishlogʻi yonida (boshlanishidan 50 km masofada) 6,11 m3/sek ni tashkil qiladi. Oʻrtacha yillik suv sarfi 12,6 m3/sek dan (koʻp suvli yilda) 2,15 m3/sek gacha (kam suvli yilda) oʻzgaradi. Toʻlinsuv davri mart — avgust oyiga toʻgʻri keladi. Eng koʻp sutkalik suv sarfi may — iyunda (koʻp suvli yilda 72,1 m3/sek, kam suvli yilda 17 m3/sek) kuzatiladi. Daryoning eng kam suv sarfi dekabr — mart oylarida boʻladi[3].
Antropogen taʼsiri
tahrirSoʻnggi yillarda daryo oʻzanidan koʻp miqdorda qum va tosh qazib olinganligi sababli yondosh hududlarda siljish yuzaga kelgan. Jumladan daryo yaqinidagi qabristonda yoriqlar paydo boʻlgan. Shagʻal qazib oluvchi texnikalar faoliyati sababli, daryo suvidan kerosin, solyarka va moy hidlari kelib qolgan. Endilikda daryo suvi isteʼmol uchun yaroqsiz holatda[4].
Adabiyotlar
tahrir- „Yakkabogʻdaryo“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi: 10-jild (Sharq — Qizilqum). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2005 — 656-bet.
Manbalar
tahrir- ↑ „Qashqadaryo tabiiy geografik okrugi“. geografiya.uz. Qaraldi: 08-2023.
- ↑ 2,0 2,1 P.Baratov; M.Mamatqulov; A.Rafiqov. O'rta Osiyo tabiiy geografiyasi. Toshkent: O'qituvchi nashriyoti, 2002-yil — 112-bet. ISBN 5-645-03879-7.
- ↑ "Yakkabogʻdaryo" OʻzME. Ya-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ „Yakkabog‘dagi Qizildaryoni kim ifloslantirmoqda: aholi zilol suv iste'mol qiladigan kunlar keladimi?“. kun.uz (2018-yil 11-iyul). Qaraldi: 08-2023.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |