Yem-xashak balansi – xoʻjalikdagi mavjud yem-xashak miqdorini unga boʻlgan ehtiyoj bilan qiyoslash. Odatda, u chorva mollarining belgilangan davrda yem-xashak bilan qanchalik taʼminlanganligini aniqlash, agar kamchil boʻlsa, uni tayyorlash tadbirlarini koʻrish maqsadida kelgusi yil uchun, shuningdek, istiqbol rejaga asosan bir necha yilga moʻljallab tuziladi. Yem-xashakka boʻlgan ehtiyoj chorva mollarining miqdorini va yoshini hisobga olgan holda, ularni toʻgʻri boqishdagi ilmiy koʻrsatmalarga asosan belgilanadi. Mavjud yem-xashak molxonada boqish davrida saqlashga qoʻyilgan yem-xashak miqdoriga va yem-xashak ekinlari hamda yaylovlar maydoniga, ulardan olinadigan hosilning salmogʻiga qarab aniqlanadi. Keyin turli xil yem-xashak miqdori alohida hisoblanib, uning qancha ozuqa biryaigita tengligi va tarkibidagi hazm boʻladigan oqsil miqdori aniqlanadi. Yem-xashak balansining kirim va chiqim qismlari bor, kirim qismida yil boshidan qolgan ozuqalar qoldiqlari, xoʻjalikda ishlab chiqarilgan ozuqalar, mollarni oziqlantirishga yaroqli chiqindilar va boshqa xoʻjaliklardan olinadigan ozuqalar (oshxona va sanoat chiqindilari). Chiqim qismida chorva mollarining rejalashtirilgan davrdagi yem-xashakka boʻlgan ehtiyoji va boshqa xoʻjaliklarga sotish moʻljallangan yem-xashak miqdori, ozuqaning ehtiyoj foizi koʻrsatiladi. Mavjud yem-xashak miqdori yem-xashakka boʻlgan ehtiyojga teng kelishi kerak. Yem-xashak balansi yozgi va kishki davrlarga alohida tuziladi. Bu davrlarning davomiyligi xoʻjalik joylashgan hududning tabiiy shart-sharoitlari bilan belgilanadi.

Yem-xashak balansi mollar turlari va ularning sut mahsulotlariga, tirik vazni, yoshiga qarab alohida guruhlar boʻyicha (Mas, sigirlar, gʻunajinlar, buqalar, 1 yoshgacha boʻlgan buzoqlar, boʻrdoqiga boqilayotgan soʻqimlar) mol boshi sonini davrlar boʻyicha kunlarga koʻpaytirilib, ozuqakun miqdori, soʻngra ozuqa turlariga koʻra sutkalik ratsionini ozuqa-kun miqdoriga koʻpaytirib umumiy ozuqa miqdori topiladi. Yem-xashak balansi ozuqalarning tabiiy holati, ozuqa birligi, hazm boʻluvchi protein boʻyicha ham tuziladi. Yem-xashak balansi kelasi yillar uchun ozuqa bazasini mustahkamlash va uni rivojlantirish rejasi hamdir.

Kaudenbay Karibayev.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil