Yerdan foydalanish - yerdan foydalanish tartibi, shartlari va shakllari. Turli mamlakatlarda turlicha boʻlishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashaydigan xalqlarning yerga mulkchilik huquqi davlat tomonidan amalga oshiriladi. Yer qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligini yuritish uchun shirkat (jamoa) xoʻjaliklariga, davlat, kooperativ, jamoat korxonalariga, muassasalar va tashkilotlarga, diniy tashkilotlarga, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, qoʻshma korxonalarga, xalqaro birlashmalar va b.ga doimiy yoki vaqtincha foydalanish uchun beriladi. Ye.f. tartib va shartlari Yer kodeksi bilan belgilanadi. Yerni foydalanishga berish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Maqkamasi, viloyat va tuman (shahar) hokimliklari qarorlari asosida amalga oshiriladi. Odatda, yerga egalik qilish va yerdan foydalanish huquqiga ega boʻlgan korxona, muassasa, tashkilot va fuqarolar yerdan doimiy foydalanuvchilar deb hisoblanadi.

Yerdan vaqtincha foydalanish qisqa (3 y.gacha) va uzok. (3 y.dan 10 y.gacha) boʻlishi mumkin. Fermer xoʻjaliklari uchun 50 y.gacha, yaylov chorvachiligi uchun yer maydonlari 25 y.gacha muddatga berilishi mumkin. Qishloq va oʻrmon xoʻjaligi korxona, tashkilot va muassasalariga, dehqon va fermer xoʻjaliklariga yerdan doimiy foydalanish huquqi davlat dalolatnomasi bilan guvohlanadi hamda yerga egalik qilish huquqining himoya qilinishi davlat tomonidan taʼminlanadi. Yer egaliklariga qarashli yerlarni vaqtincha foydalanishga berilganda belgilangan muddatdan soʻng tuproqning unumdorligini dastlabki holatiga keltirib qoʻyilishi shart (qarang Yer rekultivatsiyasi).

Q.x.da yerdan oqilona foydalanish maqsadida boshqa yordamchi tarmoqlarni ham mutanosib rivojlantirish uchun ekinzor yerlar ajratiladi. Bunda almashlab ekishni joriy etish chorvachilik, sabzavotchilik, pillachilik, bogʻdorchilik kabi qoʻshimcha tarmoqlar talabi ham hisobga olinadi.

Qosimjon Rahmonov.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil