Yerni iqtisodiy baholash - qishloq xoʻjaligida asosiy i.ch. vositasi boʻlgan yerning aniq tabiiy-iqlim sharoitlardagi qiyosiy daromaddorligini aniqlash. Ye.i.b. ball koʻrsatkichlari bir yer maydonining ikkinchi xil yer maydonidan qanchalik yuqori yeki past sifatli ekanligini koʻrsatadi. Ye.i.b.da quyidagi ishlarni amalga oshirish koʻzda tutiladi: tayyorgarlik ishlari, maʼlumotlar yigʻish, ularni qayta ishlash va taxlil qilish; yer baholashni tumanlar boʻyicha rejalashtirish; tuproqni agronomik i.ch. boʻyicha guruhlash; oʻrtacha hosildorlikni va xarajatlar miqdorini hisoblash (maydon birligi hisobida); baholash shkalasini tuzish va yerning baholash koʻrsatkichlarini hisoblab chiqish; yer egaliklarida Ye.i.b.ni oʻtkazish; baholash hujjatlarini koʻrib chiqish, tasdiqlash, tayyorlash va topshirish.

E.i.b. qishloq xoʻjaligi korxonalari uchun takror i.ch. sharoitlarini tenglashtirishning muhim vositalaridan biri, xoʻjaliklarda qishloq xoʻjaligi yerlaridan amalda foydalanish darajasini aniqlashga, sifati har xil boʻlgan yerlardagi xoʻjalik faoliyati natijalarini qiyoslash va tahlil etishga, ulardan foydalanishni yaxshilash hamda unumdorligini koʻtarishga qaratilgan tad-birlarni asoslashga imkon beradi. Ye.i.b. kadastr jihatidan baholashning oxirgi bosqichi boʻlib, ungacha oʻtkaziladigan barcha tadbirlarga — yerdan foydalanishning davlat qaydi, miqdoriy yer hisobi va tuproq bonitirovkasiga asoslanadi (qarang Yer kadastri).

E.i.b. 2 yoʻnalishda olib boriladi: umumiy baholash (qarangx.dagi yer turlari boʻyicha) va xususiy baholash (ayrim ekinlarni yetishtirish samaradorligi boʻyicha). Umumiy baholashda mahsuldorlik (yalpi mahsulot qiymati, soʻm/ga), xarajatlarning qoplanishi (xarajat birligiga, mas, 100 soʻmga toʻgʻri keladigan mahsulot qiymati) va differensial daromad (sifati yaxshi va qulay joylashgan yerlardan olingan qoʻshimcha sof daromad, soʻm/ga) hisobga olinadi. Xususiy baholashda hosildorlik (s/ga), xarajatlarning qoplanishi (soʻm) va differensial daromad (soʻm/ga) eʼtiborga olinadi.

E.i.b.da qishloq xoʻjaligi ekinlari va bogʻlarning hosildorligi, tabiiy yem-xashak maydonlarining mahsuldorligi, dehqonchilikdagi yalpi mahsulot qiymati, yer baholanayotan hududdagi xoʻjaliklarning koʻp yillik oʻrtacha koʻrsatkichlari boʻyicha hisoblangan mahsulot i.ch. xarajatlari baholanayotgan guruhlar boʻyicha bazis baho koʻrsatkichlarini hisoblash uchun asosiy maʼlumotlar boʻlib xizmat qiladi. Oʻzbekistonda xususiy baholash gʻalla hamda makkajoʻxori (don uchun) hissasi koʻrsatilgan hrlda paxta-gʻalla-beda majmuidagi ekinlar boʻyicha, ayrim mintaqalar uchun esa sholi, tamaki, kanop va sabzavot boʻyicha oʻtkaziladi. Hisoblangan bazis baholari asosida jadval — tuproq guruhlari boʻyicha yer baholari jad-vali tuziladi. Bunday baholashda eng yuqori iqtisodiy samara (yalpi mahsulot, xarajatlarni qoplash va differensial daromad) qadimdan sugʻorib kelinadigan, juda madaniylashgan yerlarga toʻgʻri keladi.

Oʻzbekiston Respublikasida qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning sifat, iqtisodiy va qiymat baxrsini aniqlash banklardan ipoteka qarzlari berishda, xususiy turar joylar qurish uchun yer ajratib berish va dehqon xoʻjaliklariga meʼyoriy ortiqcha yer ajratib berishda, yer soligʻi stavkalari miqdorini aniqlash, kimoshdi savdolari orqali yer uchastkalarini sotish va qonunchilikda koʻzda tutilgan boshqa hollarda shu yer uchastkasining dastlabki bahosini belgilash uchun qoʻllanadi. Ye.i.b.da tuproq bonitirovkasi, asosiy ekinlarning meʼyoriy hosildorligi, yalpi mahsulot va sof daromad (foyda) koʻrsatkichi mezon boʻlib xizmat qiladi.

Adabiyot

tahrir
  • Qurbonov E. Q. va b., Yer kadastri asoslari, T., 1999; Tolipov Gʻ. A., Gʻulomov H. Gʻ. va b., Oʻzbekiston Respublikasi Yer kadastri, T., 1994.

Qosimjon Rahmonov.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil