Yigirish mashinasi - tolalar ni tozalab, titib, savab, tarab, olingan piltani qoʻshib choʻzib yoki boʻshgina ximarib tayyorlangan pilikdan har xil yoʻgʻon-ingichkalikdagi ip oladigan mashina. Ishlatiladigan tolalar (jut, jun, zigʻir, paxta, kanop, ipak va sunʼiy tolalar) ning turiga qarab, tabiiy tolalarga moʻljallangan Y.m., urchukli (halqali) Y.m. va urchuqsiz Y.m., yigirish-pishitish mashinasi kabi xillarga boʻlinadi. Kimyoviy tolalar ham tabiiy tolalarga moʻljallangan mashinalarda yigiriladi. Uzluksiz va uzlukli (toʻxtabtoʻxtab) ishlaydigan urchuqli (halqali) Y.m.da barcha turdagi tolalarni yigirish mumkin. Unda tolalardan tayyorlab olingan piliklar choʻzish asbobida ingichkalashtirilib, tolalar tutami hosil qilinadi. Ular urchuq va yugurdaklardan iborat pishitish mexanizmi yordamida ipga aylantiriladi. Ip urchuq va yugurdaklardan iborat pishitish mexanizmi yordamida pishitiladi va oʻrash mexanizmi yordamida urchuq naychasi (qogʻoz patron) ga oʻraladi. Ipga toʻlgan naychalar urchukdan olinib, oʻrniga boʻsh naychalar kiydirib qoʻyiladi. Har bir Y. m.da 500 tagacha urchuq boʻlishi mumkin.

Urchuqsiz Y.m. pnevmomexanik, uyurmaviy va elektr-mexanik xillarga boʻlinadi. Masalan, tarab toʻgʻrilangan tolalar pnevmomexanik mashinada havo oqimi yordamida tez aylanib turgan kameraga uzatiladi, u yerda kamera piltaga aylanadi va undan chiqib bobina (gʻaltak) ga oʻraladi. Choʻzish asbobida pilta ingichkalashtirilib, ipga aylantiriladi, burash qurilmasida pishitiladi va oʻrash mexanizmi yordamida gʻaltakka oʻraladi.

Turli tolalardan pishitilgan gʻaltak ip olish uchun yigirish-pishitish mashinasidan foydalaniladi. Bu mashina birin-ketin 4 jarayon (yigirish, eshish, burash va gʻaltakka oʻrash jarayonlari) ni bajaradi. Bundam mashina ipni pishitish tezligini va ish unumdorligini ancha oshiradi (qarang Yigirish).[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil