Yoppasiga tanlash - oʻsimliklarni nav standartlariga muvofiq keladigan tashqi belgilari (fenotip)ga qarab tanlash. Oʻsimliklar seleksiyasi usullaridan biri. Tanlab olingan oʻsimliklardan olingan urugʻlik, lab. tahlili oʻtkazilib, saralangach (yaroqsizlari ajratilgach), bir paykalga ekiladi. Shunga koʻra, boʻlajak nav saralangan eng yaxshi oʻsimliklar avlodi boʻladi. Yo. t.ni baʼzan pozitiv usul deb ataladi. Bu usul AQSH va b. mamlakatlarda gʻoʻza urugʻchiligida keng qoʻllanadi. Yo. t.ning bir koʻrinishi boʻlgan negativ tanlash (notipik va aralashma oʻsimliklarni yaroqsizga chiqarish) asosan Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkmanistonda qoʻllanadi. Yo. t.ni bir marta va koʻp marta oʻtkazish mumkin. Bir martali Yo. t. oʻzidan changlanuvchi ekinlarda, koʻp martalisi chetdan changlanuvchi oʻsimliklarda yaxshiroq samara beradi. Chetdan changlanuvchi ekinlarda qimmatli xoʻjalik belgilarini saqlab qolish uchun navi.ch.dan olinguniga qadar boʻlgan davr davomida Yo. t. oʻtkaziladi. Bunday tanlash uzluksiz tanlash deb ataladi. Populyasiyalar ekiladigan sharoitlarga yaxshi moslashgan hollardagina Yo. t. yaxshi natija beradi. Yo. t. usuli bilan turli ekinlarning xalq seleksiyasida mahalliy navlari ham yaratilgan. Yo. t.ning kamchiliklaridan biri tanlanayotgan oʻsimliklarning kelib chiqishini tekshirish imkoniyati yoʻkligidir. Bu kamchilik seleksiyada keng tarqalgan yakka tanlash usuli bilan bartaraf etiladi (yana q. Tanlash).

Yoʻldosh Uzoqov.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil