Yoqubjon Ismoil oʻgʻli Qoraboyev (1934.15.6 - Toshkent - 1993.5.2) -chinnisoz rassom, Oʻzbekiston xalq rassomi (1976). Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtini tugatgan (1958); naqqoshlik sanʼatini usta Yo. Raufov, J.Hakimov, T. Toʻxtaxoʻjayevlardan oʻrgangan; Sitorai Mohi Xosa yodgorligini taʼmirlashda qatnashgan, 6—10 qirrali kursilarni milliy naqshlar bilan bezagan. 1960-yildan Toshkent chinni zavodida rassom. Q. samarali ijodiy mehnat qilib, chinnilar uchun 200 dan ortiq yangi bezak mujassamotlarini yaratdi; shulardan 40 dan ortigʻi ishlab chiqarishga joriy etilgan. "Milliy naqsh" (1970), "Bodomgul" (1972), "Islimiy paxta" (1976), "Tinchlik" (1978, 1982), "Olimpiada — 80", "Charos" (1983), "Samarqand majmuasi" (1984) va boshqa lagan, kosa, choynak, tarelka va 6 piyoladan iborat sharqona choy va qahva toʻplamlari va boshqa, yubileylar munosabati bilan tayyorlangan koʻzalar, sovgʻa buyumlar shular jumlasidan. Qoraboyev shuningdek, 30, 40 dona buyumdan iborat choy va oshxona chinni toʻplamlari ("Oq oltin", "Toshkent chinnisi" va boshqalar)ga ham bezak mujassamotlari ishlagan. Q. 1966-yilda yaratgan "Paxta gul" ("Oq oltin") mujassamoti chinnisozlikning milliy mumtoz naqshiga aylandi; 1976-yil Germaniya (Leypsig)dagi Xalqaro yarmarkaning va boshqa xalqaro yarmarka (koʻrgazma)larning Oltin medallari bilan mukofotlangan. Asarlari respublika va xorijiy mamlakatlar (AQSH, Kanada, Fransiya, Xitoy, Yaponiya, Iroq, Eron, Turkiya va boshqalar)ning muzey va toʻplamlarida saqlanadi.[1]

Manbalar tahrir

  1. "Qoraboyev Yoqubjon Ismoil oʻgʻli" OʻzME. Q-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil