Yusufjon qiziq Shakarjonov
Yusufjon qiziq Shakarjonov (1869 — Margʻilon — 1959.9.6) - oʻzbek anʼanaviy teatrining yirik namoyandasi, raqs sanʼati ustasi. Oʻzbekiston xalq artisti (1941). 1881—88 yillarda Zokirjon qiziq boshliq qoʻqonlik qiziqchilar toʻdasida bevosita Saʼdi Maxsumdan taʼlim oladi. 1888—92 yillarda toʻda bilan butun Fargʻona vodiysini aylanib chiqadi. Orachora "Chodir xayol" qoʻgʻirchoq teatrida korfarmon boʻlib ishlaydi, xalq toʻylari, sayillarida, xorijdan kelgan sirk uyushmalari tarkibida qiziqchilik tomoshalari koʻrsatadi. Muqallidda, hajviy, boʻrttirma obraz yaratishda, kulkihikoyada, askiyada Yusufjon qiziq Shakarjonovga bas keladigani boʻlmagan. Toʻdalarda korfarmonlik qilgan, bilganlarini yosh qiziqchi va raqqoslarga oʻrgatgan.
YU.q.ning jahongashtaligi tufayli Fargʻona qiziqchiligi bir qator mamlakatlarda namoyish etilgan. 1903-yilda u Said qissaxonga qoʻshilib, Buxoroga boradi. 1904-yilda Toshkentda Mullaboy Mansurov sirkida Ortiq qiziq, Sobir qori, Qodir qiziq, Karim Zaripovlar bilan birga Samarqand, Fargʻona vodiysida, soʻngra Turkiston, Avliyoota, Pishpakda boʻlib, oʻzbek qiziqchiligi, xalq raqslarini namoyish etadi. 1905-yilda shu truppa tarkibida Qashqarda "Kelin tushirdi", "Mamayusuf", "Bola oʻqitish", "Surat koʻrsatish", "Shayton", "Oʻlik sotdi" kabi komediyalarni ijro etishda rahbarlik qiladi. 1906-yil Margʻilonda qiziqchilar toʻdasini tuzadi. 1908-yil Yusufjon qiziq Shakarjonov toʻdasi (36 kishidan iborat) Fargʻona shahrida tashkil etilgan oʻziga xos koʻriktanlovda qatnashadi. Oʻsha yili Yusufjon qiziq Shakarjonov Abdurahmon Rahmonov (1870—1929) sirk uyushmasi bilan Buxoroga boradi. 1909-yil Sankt-Peterburgga kelib rus baletini koʻradi, sirkda kloun Anatoliy Durov bilan tanishadi. Yusufjon qiziq Shakarjonov 1908—14 yillarda Filipp Yupatovning Andijon va Toshkentdagi chodir sirkida Ashir qiziq, Nazir qiziq bilan qiziqchilik qilgan. 1914-yil Rahmon Abduxalilovning milliy sirk uyushmasida Ortiq qiziq, Sobir qori, Muhammad chaqqon, Qodir qiziqlar bilan birgalikda "Pul qistash", "Qalandarlik", "Sarkorlik" komediyalarini ijro etgan. Jadidlar taʼsirida gʻarb uslubidagi yangi teatrga qiziqib,"Bola oʻqitish", "Mudarris" singari anʼanaviy komediyalarni qayta ishlab, toʻy va bayramlarda namoyish etadi.
1918-yil Margʻilonda qiziqchilar toʻdasini yangitdan tuzadi. Unda Usmonqori Rayimbekov, Sulaymon Mirzarahimov degan qiziqchilar, Mamatbuva xofiz, Xudoybergan hofiz, Otaxoʻja raqqos, doirachi Usta Olim Komilovlar faoliyat qoʻrsatishgan. Otaxoʻja raqqos bilan "Kema oʻyin"ni tiklaydi. Tamaraxonimga oʻzbek lapar va raqslarini oʻrgatadi. 1920-yil Yusufjon qiziq Shakarjonov toʻdasi targʻibot poyezdida xizmat qiladi. 1921-yil Fargʻona oʻlka sayyor teatr truppasi tarkibida Buxoro viloyatida boʻlib, "Tuhmatchilar jazosi" (Hamza) spektaklida Sulton piyonista rolini ijro etadi, konsertlarda qiziqchilik qiladi. 1926—28 ylar Yusufjon qiziq Shakarjonov Muhiddin Qoriyoqubov rahbarligidagi Oʻzbek davlat etnografik ansamblda qiziqchi, cholgʻuchi, oʻyinchi sifatida faoliyat qoʻrsatgan, yoshlarga xalq raqs va laparlarini oʻrgatgan. "Qari navo", "Sarboz", "Kema oʻyin" raqslarini sahnalashtirishda qatnashgan. Shu davrda Choʻlpon bilan ham hamkorlik qilib, 1927-yilda Moskva oʻzbek drama studiyasida uning asari asosida "Yana uylanaman" komediyasini sahnalashtirishga hissa qoʻshgan. 1930-yil bir guruh xalq ijodkorlari bilan Moskvada boʻlib oʻtgan sanʼat olimpiadasida ishtirok etgan. "Zarkokil", "Toʻrt jinni", "Kelin tushirdi", "Mardikor — novvoylik", "Mozor", "Yelpib oʻtirish", "Qalandarlik", "Attorlik" kabi qadimiy xalq komediyalarini tiklaydi, namoyish etadi, boshqarib boradi. Ikkinchi jahon urushi yillari Yangiyoʻl teatrida (1941—42), Oʻzbek davlat sirkida (1942—44) ishlaydi. Urushdan keyingi yillar xalq bayram va toʻylarida xizmat qiladi. "Qoʻshiqlar parvoz etadi" filmkonsertda bosh rolni oʻynaydi. Mustamlaka va sobiq sovet davrida ogʻzaki ijod qilish, odil va rost soʻzni aytish, mansabdor ustidan kulish, tanqid qilish qanchalik ogʻir va xavfli boʻlmasin, qiziqchilik va askiya merosini avlodlar uchun saqlab qolish, yangi sharoitlarda tiklash va rivojlantirishda jonbozlik koʻrsatdi. Yusufjon qiziq Shakarjonov anʼanalarini oʻgʻillari Zaynobiddin va Madaminjon Yusupovlar, Muhiddin Darveshov va boshqalar qiziqchi va askiyachilar davom ettirdilar. A. Muxtorning "Zar qadrini...", A. Abugʻafurovning "Kulgi zarbi" pyesalari Yusufjon qiziq Shakarjonov hayoti va ijodiga bagʻishlangan. Fargʻona viloyati musiqali drama teatriga Yusufjon qiziq Shakarjonov Shakarjonov nomi berilgan.[1]
Adabiyot
tahrir- Obidov T., Yusufjon qiziq, T, 1960; Qodirov M., Yusufjon qiziq teatri,T, 1969; Qodirov M., Oʻzbekteatri anʼanalari, T., 1976; Qodirov M., Yusufjon qiziq, T., 1991.
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |