Usmon Zufarov, (1892-yil – Toshkent – 7-avgust 1981-yil) – sharq musiqa asboblari ustasi, oʻymakor naqqosh. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1942-yil). 19061912-yillarda usta Toshdan hunar oʻrgangan. 1912-yildan mustaqil usta. 1927-yildan Oʻzbekiston radio qoʻmitasida, 1929-yildan Toshkent hunarmandlik uyushmasi qoshidagi artelda, Sanʼatshunoslik instituti milliy musiqa asboblarini mukammallashtirish tajriba laboratoriyada (1934—1936 va 1943—1946), Oʻzbek davlat filarmoniyasida (1936—1943) ishlagan. Usmon Zufarov oʻzbek cholgʻu asboblarini yasash, takomillashtirish va bezashda oʻziga xos uslub yaratgan. U yasagan va bezagan milliy cholgʻu asboblari (tanbur, dutor, sato va boshqalar) maxsus koʻrgazmalarda namoyish etilgan (1937, 1959). 1960-yillardan 3 boʻlakli (yigʻma) tanbur, dutor va satolari keng tarqalgan, shuningdek, ud, skripka, qozoq va qirgʻiz qoʻbizi (qil qoʻbiz), qozoq doʻmbirasi, afgʻon rubobi, ispan banjosi va boshqalarni ham yasagan hamda qadama naqshlar bilan bezagan. Ijodidan namunalar respublika muzeylarida saqlanadi. Koʻplab shogirdlar tayyorlagan. Uning ijodi haqida „Kuylovchi yogʻoch“ telefilmi yaratilgan (1978-yil). Toshkentdagi Zufarov yashagan koʻchaga uning nomi berilgan[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil