Šavrinke (slovencha: Šavrinke, birlik shakli: Šavrinka; italyancha: savrine yoki saurine) shimoliy Sloveniya Istriyasining hinterlandlaridan, shuningdek, Xorvatiya Istriyasidan kelgan qizlar va ayollar boʻlib, ular shahar bozorlarida ekinlar va boshqa mayda tovarlarni sotish bilan shugʻullanganlar.

Anʼanaviy Istriya uslubida kiyingan „Šavrinke“lar

Faoliyati

tahrir

Ayniqsa, hozirda Italiya hududiga qarashli boʻlgan Trieste shahri atrofida faol faoliyat yuritgan Šavrinke qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yaqin atrofdagi shaharlarga sotish orqali oʻz uy xoʻjaliklariga daromad keltirishgan. Šavrinke tomonidan sotilgan asosiy mahsulot tuxum boʻlgan. Ular xarid qilish uchun baʼzan igna, ip, toʻgʻnogʻich, qaychi kabi mahsulotlarni ham olib kelishgan.

Ayollarning uydan tashqaridagi boshqa koʻplab mehnat turlari singari, Šavrinke ham, odatda, yosh oʻsmirlik davridanoq savdo-sotiq bilan shugʻullangan. Xususan, ular boshlangʻich maktabning olti sinfini tamomlaganidan soʻng onalaridan hunar oʻrgangan va turmush qurgach, ish faoliyatini toʻxtatganlar. Faqat ogʻir iqtisodiy vaziyatlarda turmush qurgan ayollar bu hunari orqali daromad topishni davom ettirganlar, bu esa baʼzan shahar va qishloq markazlari orasida bir necha kun yurish yoki kuniga kamida uch soat yurish singari qiyinchiliklarni keltirib chiqargan. Šavrinke asosan tuxum va non sotgan, lekin yoʻldan rezavorlar va yongʻoqlarni ham yigʻib borgan[1].

Etimologiyasi

tahrir

Ayollar Šavrinke boʻlib ishlagan uy xoʻjaliklari asosan juda kambagʻal qatlamdan boʻlgan. Shunday qilib, uy xoʻjaligi erkaklari koʻpincha yelkalarida ketmon bilan Triest viloyatidagi qishloqlarni aylanib, pullik ish qidirganlar[2]. Usha davrda odamning yelkasidagi ketmon uni ishlashga yaroqli va kambagʻal ekanligini bildirgan. Šavrinke uchun ularni boshqalardan ajratib turadigan belgisi oyoqlari boʻlib, ular chang, loy va yoʻllarni toʻldirgan hayvonlarning axlatlari bilan ifloslangan boʻlgan. Bu hududda soʻzlashuvchi sloven lahjasida (Bržanija yoki Kraški rob deb nomlanadi) bu turdagi yoʻl sarqitlarini oʻziga ilashtirib olish šavre deb atalgan, shuning uchun ham, bu ayollarga aynan shu nom berilgan[3]. Aksariyat lugʻatlarda šavra „noqulay, qoʻpol“ ayol deb tarjima qilinadi[4]. Sloveniyadagi Šavrin tepaliklari Šavrinke nomi bilan atalganmi yoki aksinchami, bu haqida aniq maʼlumot mavjud emas.

Tarixi

tahrir

Ushbu mehnat shakli asosan XIX asrning oxirlarida paydo boʻlgan va Ikkinchi Jahon urushi oxirida deyarli yoʻq boʻlib ketgan. Tinchlik davrida Istriya qishlogʻidagi Šavrinkening asosiy ishi boʻlmish tuxum sotish, Birinchi Jahon urushi davrida Avstriyada va urushdan keyin fashizm davrida mintaqa tegishli boʻlgan Italiya hududida tuxum sotishni tartibga solishga qaratilgan hukumat qoidalari bilan cheklangan. Keyinchalik ancha qimmat boʻlgan tuxum sotish litsenziyalarining joriy etilishi Šavrinkening aksariyat qismini oʻzlarini va bolalarini xavf ostiga qoʻygan de-fakto kontrabandachilarga aylantirgan[5]. Italiya hukmronligi davrida tuxumlarning noqonuniy savdosi bilan shugʻullanganlik uchun jazo asosan mahalliy politsiya kuchlari tomonidan amalga oshirilgan, ular tuxumlarni musodara qilgan va baʼzida kontrabandachini bir kecha hibsda saqlagan. Ularning noqonuniy holatga moslashishi Šavrinke sotadigan mahsulotlar qatoriga grappa va sigaretalar kabi boshqa juda kerakli tovarlarning qoʻshilishiga olib kelgan[6].

Zamonaviy Sloveniyada Šavrinke mahalliy folklorning bir qismiga aylanib ulgurgan. Ular mashaqqatli mehnat evaziga qishloqlariga havas qilsa arzigulik daromad keltirgan ayollar sifatida esga olinadi, bu esa ularni maʼlum bir davr davomida qimmatli turmush oʻrtoqqa aylantirgan[7]. Istriya ramzi boʻlgan Šavrinkelarning hayoti Marjan Tomšičning „Šavrinke“ (1986) kabi romanlarida, shuningdek, Alojz Kocjančičning sheʼrlarida (Šavrinske pesmi, 1962) tilga olingan. Sloveniya sohilidagi Xrastovlje qishlogʻining janubida mashhur rassom, qishloqda tugʻilib-oʻsgan Jože Pohlen tomonidan 1990-yilda oʻrnatilgan haykal boʻlib, unda boshiga bir savat non koʻtarib olgan Šavrinka tasvirlangan. Mahalliy „Šavrini inu anka Šavrinke“ madaniy birlashmasi merosni muhofaza qilish shakli sifatida koʻpincha bu ayollar hayotidan keltirilgan sahnalarni ommaga namoyish etishadi[8]. Šavrinkening qayta kashf etilishi baʼzi olimlar tomonidan davlat chegaralarini kesib oʻtuvchi mintaqaviy Istriyaning oʻziga xos tarzda rivojlanishining bir qismi sifatida koʻriladi, lekin mintaqada Sloveniya milliy elementiga urgʻu beriladi.

Manbalar

tahrir
  1. Del Bello, Nicoló. La Provincia dell' Istria. Studi economici.. Koper: Capodistria, 1890 — 132-bet. 
  2. Ivančič, Miloš. Abitanti so v Istri. Lipa, 2014. ISBN 97896193762-0-1. 
  3. Andrejabutolo. „Šavrinske vasi“. skokcezplot (2018-yil 11-iyul). Qaraldi: 2021-yil 7-mart.
  4. „šavra“, Slovar slovenskega knjižnega jezika, Druga, dopolnjena in deloma prenovljena, Inštitut za slovenski jezik Frana Ramovša ZRC SAZU, 2014. 
  5. Rožac Darovec, Vida (2007). "L'attraversamento del confine nei ricordi delle donne istriane". Qualestoria XXXV (1): 37–58. 
  6. Verginella, Marta (2018). "La mobilità femminile tra confini politici e nazionali nell'area alto-adriatica tra Ottocento e Novecento". DEP 38: 69–82. 
  7. Ledinek, Špela. Potepanja po poteh Šavrinke Marije. Ljubljana: Slovensko etnološko društvo, 2000. ISBN 9789619031988. 
  8. „Kulturno društvo Šavrini in anka Šavrinke Gračišče“ (sl). savrinke.blogspot.com. Qaraldi: 2021-yil 7-mart.