Anatoliy Sagdullayevich Sagdullayev (1951.15.6, Qashqadaryo viloyati, Kitob tumani, Qaynar qishlogʻi)[1] — arxeolog, tarixchi; tarix fanlari doktori, professor; Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi.

Ta'lim olish jarayoni tahrir

Anatoliy Sagdullayevich Sagdullayev 1951-yil 15-iyunda Qashqadaryo viloyati, Kitob tumani Qaynar qishlogʻida tugʻilgan. Kitob shahri oʻrta maktabida oʻqigan. 1968–1973-yillarda Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti) tarix fakultetining Oʻrta Osiyo arxeologiyasi kafedrasida ta’lim olgan.

Mehnat faoliyatini universitetda boshlagan. Toshkent davlat universiteti tarix va sharqshunoslik fakultetlarida “Arxeologiya asoslari”, “Ibtidoiy jamiyat tarixi”, “Qadimgi Sharq tarixi” kabi fanlardan ma’ruzalar oʻqigan, Qashqadaryo va Surxondaryo vohalarida arxeologik ishlarni olib borgan. 1975-yilda San’atshunoslik institutining sirtqi boʻlimi aspiranturasiga kirgan.

Ilmiy ish himoyalari tahrir

Anatoliy Sagdullayevning ilmiy rahbarlari atoqli olimlar, akademiklar G.A. Pugachenkova va V.M. Massonlar boʻlishgan. Arxeologik tadqiqotlar materiallari asosida 1979-yili “Soʻnggi bronza va ilk temir davri Shimoliy Baqtriya madaniyati” mavzusida Leningrad (hozirda Sankt-Peterburg) arxeologiya Institutida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.  1989-yilda qadimgi davrga oid Pomir, Hindiqush va Kaspiy dengizi oraligʻidagi (Baqtriya, Sugʻd, Margʻiyona, Shimoliy Parfiya) ulkan hudud arxeologik ma’lumotlari talqinini qamrab oluvchi doktorlik dissertatsiyasini Moskva davlat universitetida himoya qilgan.

Pedagogik faoliyati tahrir

Ilmiy tadqiqotlar bilan birga, Anatoliy Sagdullaev turli yillarda katta oʻqituvchi, dotsent, Toshkent davlat universiteti tarix fakulteti dekani, professor va arxeologiya kafedrasi mudiri vazifalarini bajarib, samarali pedagogik faoliyatga bagʻishlagan. Bundan oʻzi ishlab chiqqan maxsus kurslar hamda chop etgan koʻp sonli oʻquv-uslubiy ishlar, darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari darak beradi. Bu borada olim nafaqat oliy oʻquv yurtlar talabalari, balki oʻrta umumta’lim maktablari oʻquvchilari uchun ham yangi avlod oʻquv adabiyotlarini yaratish tashabbuskori boʻlgan.

Oliy oʻquv yurtlari uchun:

  • “Oʻrta Osiyo arxeologiyasi” (A.Kabirov bilan);
  • “Qadimgi Oʻzbekiston ilk yozma manbalarda”;
  • “Oʻzbekiston tarixi” (hammualliflikda);
  • “Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi tarixi” (Oʻ.Mavlonov bilan) va boshqa oʻquv qoʻllanmalari chop etilgan.

Bundan tashqari, oʻquvchilar uchun 6-sinf “Oʻzbekiston tarixi” (V.A.Kostetskiy va N.Norqulov bilan, 1998-, 2000-yy.); “Qadimgi dunyo tarixi” (V.A.Kostetskiy bilan, 2003–2017-yillari mobaynidagi 5 ta nashrlar),  shuningdek, oʻqituvchi-metodistlar bilan hammualliflikda ishlab chiqilgan imkoniyati cheklangan bolalarga ixtisoslashgan maktab va maktab-internatlar 6–7-sinflari uchun “Oʻzbekiston tarixi” darsliklari, “Jahon tarixi” va “Oʻzbekiston tarixi” boʻyicha maktab oʻquvchilari uchun yaratilgan tarixiy atlaslari alohida ahamiyatga ega.

Anatoliy Sagdullayev hozirgi kunda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti tarix fakulteti arxeologiya  kafedrasi professori lavozimida ilmiy-pedagogik faoliyatini amalga oshirmoqda. Magistratura yoʻnalishi talabalariga “Oʻrta Osiyo sivilizatsiyasi va davlatchiligining dolzarb muammolari”, “Tarixiy rekonstruksiya masalalari” va boshqa maxsus kurslardan ma’ruzalar oʻqib, magistrlik, PhD va tarix fanlari doktori dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik qilmoqda.

Dekanlik faoliyati tahrir

1987–1992-yillar davomida Anatoliy Sagdullayev Toshkent davlat universiteti tarix fakulteti dekani lavozimida faoliyat yuritgan davrida fakultet bitiruvchilaridan 22 ta iqtidorli yosh tarixchilar, arxeologlar va tarixchi-san’atshunoslar oʻqituvchi lavozimiga ishga qabul qilindi. Ulardan 15 nafar tarix fakulteti oʻqituvchilari turli yillarda nomzodlik, 5 nafari esa doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilishgan.

Oʻsha paytlarda Anatoliy Sagdullayev tashabbusi bilan Oʻzbekiston tarixini maqsadli keng oʻqitish va oʻrganish masalasiga alohida e’tibor berildi. Tarix fakulteti Oʻzbekiston tarixi kafedrasining shtat jadvali 20 nafar professor-oʻqituvchilarini tashkil etdi. 1989-yilda Oʻzbekiston oliy ta’lim tizimi tarixida ilk bor Toshkent davlat universitetining barcha fakultetlari oʻquv rejasiga “Oʻzbekiston tarixi” fanini oʻqitish joriy qilindi. Keyinroq mazkur fan Oʻzbekistonning barcha oliy oʻquv yurtlarida ham oʻqitila boshlandi.

Oʻzbekistonning yangi tarixi markazidagi faoliyati tahrir

Olim 1998–2012-yillar mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oʻzbekistonning yangi tarixi markazi direktori lavozimida faoliyat olib borgan. Bu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 19-sentyabrdagi “Oʻzbekistonning yangi tarixi markazini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoyishiga muvofiq vazifalarni bajargan, shuningdek, akademiya tinglovchilariga ma’ruzalar oʻqigan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 16- dekabrdagi “Oʻzbekistonning yangi tarixini tayyorlash va nashr etish toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq nashr ishlarini amalga oshirish jarayonini boshqargan, natijada 3 jilddan iborat “Oʻzbekistonning yangi tarixi” kitobi 2000-yilda chop etilgan.

Ilmiy faoliyati tahrir

Anatoliy Sagdullayev Oʻrta Osiyo arxeologiyasi, madaniyati va davlatchiligi tarixi boʻyicha yirik mutaxassis. Olim ilgari Oʻrta Osiyo arxeologiyasi faniga noma’lum boʻlgan yodgorliklarni kashf etgan va qadimgi Baqtriya, Sugʻdiyona hududlarida koʻp yillik dala arxeologik tadqiqotlari natijasida topgan muhim ilmiy materiallarni ilk bor tarix faniga kiritgan. Bu ilmiy kashfiyotlar va tadqiqotlar xorijda tan olingan. Oʻz ilmiy maktabini yaratgan olim. Anatoliy Sagdullayev 3 nafar doktorlik dissertatsiyasi, 14 nafar nomzodlik, 5 nafar tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) va bir qator magistratura  talabalarining dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik qilgan.

Shahrisabz shahrining 2700 yilligini asoslab berish maqsadida Kesh–Shahrisabz vohasida keng koʻlamdagi arxeologik ilmiy-tadqiqot ishlarining tashkilotchisi va ilmiy rahbari. Tadqiqotlar natijalari “Qadimgi Kesh–Shahrisabz tarixidan lavhalar” (1998), “Shahrisabz. Ming yilliklar merosi” (2002) hammualliflikda yozilgan monografiyalarda va Shahrisabz oʻlkashunoslik muzeyi ekspozitsiyalarida oʻz aksini topgan hamda YUNESKO va jahon ilmiy hamjamiyati tomonidan tan olingan.

Yevropa komissiyasining INTAS dasturi doirasidagi PACT TIMOUR loyihasi boʻyicha Fransiya, Rossiya, Italiya, Finlandiya olimlari bilan hamkorligidagi ilmiy tadqiqotlarda Anatoliy Sagdullayev Oʻzbekiston ilmiy guruhiga rahbarlik qilgan (2002–2004-yillar). Shuningdek, respublika doirasidagi bir qator dolzarb ahamiyatga ega grant ilmiy loyihalari boʻyicha amalga oshirilgan fundamental tadqiqotlarga rahbarlik qilgan.

Ilmiy kengashlardagi faoliyati tahrir

Anatoliy Sagdullayev Arxeologiya Milliy markazi hamda Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashlarning a’zosi sifatida yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonida faol ishtirok etadi. Shuningdek, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash raisi boʻlgan.

Olim turli ilmiy va ijtimoiy-ma’rifiy jurnallar tahrir hay’ati, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va targʻib qilish Umumjahon jamiyati Ilmiy kengashining a’zosi.

Tarixni afsonalashtirish va soxtalashtirishga qarshi faoliyati tahrir

Anatoliy Sagdullayev Markaziy Osiyo xalqlari tarixini asotirlashtirish, soxtalashtirish va boʻrttirib talqin qilish, alohida xalqlarning tarixda tanlanganligi va madaniy afzalligi haqidagi gʻoyalarga hamda mintaqada u yoki bu zamonaviy xalqning davlatchiligini asossiz va sun’iy ravishda qadimiylashtirishga qarshi ommaviy axborot vositalari va ilmiy nashrlar orqali, oʻz dolzarbligi bilan ajralib turgan amaliy ishni izchil olib boruvchi olim. Anatoliy Sagdullaev Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zosi Edvard Rtveladze bilan hamkorlikda chop etgan “Современные мифы о далеком прошлом народов центральной Азии” risolasida (Toshkent, “Oʻzbekiston” va “Choʻlpon” nomidagi nashriyotlar, 2006-, 2007-yil) Markaziy Osiyo mamlakatlarida tarix fanining rivoji va tarixiy-madaniy merosga munosabat masalasiga dahl qiluvchi muammolar yoritilgan.

Akademiklikka saylanishi tahrir

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Hay’ati va tegishli fan ixtisosliklari boʻyicha faoliyat koʻrsatayotgan haqiqiy a’zolarining tavsiyasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan Anatoliy Sagdullayevich Sagdullayev Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib tasdiqlandi.

Mukofotlari tahrir

Olim 2020-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandi.

Asarlari tahrir

  • Огненные стрелы. Ташкент: Университет, 1993. – 112 с.
  • Қадимги Кеш-Шаҳрисабз тарихидан лавҳалар. Тошкент: Шарқ, 1998. – 208 б. (hammualliflikda).
  • Ўзбекистон тарихи: давлат ва жамият тараққиёти. Тошкент: Академия, 2000. – 272 б. (hammualliflikda).
  • Современные мифы о далеком прошлом народов Центральной Азии. Ташкент: Узбекистан, 2006. – 50 с. (hammualliflikda).
  • Поход Александра Македонского в Согдиану. Ташкент: Media Land, 2007. – 176 c.
  • Ўрта Осиёда ўрта асрлар савдо сотиқ тизими. Тошкент: Академия, 2013. – 108 б. (hammualliflikda).
  • История цивилизации Хорезма. Нукус: Qaraqalpaqstan, 2017. – 284 с. (hammualliflikda).
  • Бағрикенгликнинг тарихий илдизлари. (қадимги давр мисолида) Тошкент: Tамаддун, 2018. – 36 б.
  • Бронза ва илк темир даври ёдгорликларининг географияси ва картографияси. Тошкент: TURON-IQBOL, 2019. – 112 б. (hammualliflikda).
  • Разноцветный ветер. Издание 2-е, дополненное. Ташкент: Узбекистан, 2019. – 176 с.
  • Марказий Осиёда тарихий-маданий вилоятларнинг шаклланиши ва этник географияси муаммолари. Тошкент: “Университет”, 2020. – 234 бет. (hammualliflikda) va boshqalar.

Manbalar tahrir

  1. Академик Анатолий Сагдуллаев. Библиография / Тузувчи Ж.Э.Тоғаев. – Тошкент, 2021.