Abduddor

Abduddor Quraysh qabilasining asosiy urug‘laridan biri

Abduddor (arabcha: بنو عبد الدار – Bani Abd ad-Dor) – Quraysh qabilasining asosiy urugʻlaridan biri.

Tarixi

tahrir

Abduddor arabcha soʻz boʻlib, dorning quli – johiliyat davridagi arablar eʼtiqodida mashhur boʻlgan Dor ismli butning quli degan maʼnoni anglatadi. Makka fathigacha Kaʼba xizmatlari, hojilarga suv tarqatish, bayroqdorlik hamda „Dor an-nadva“ni bosh­qarish huquqiga ega boʻlgan urugʻ boʻlib, Paygʻambarning katta bobolari Qusayning katta oʻgʻli ismidan olingan. Manbalarda Abdumanof oʻgʻillarining bobolari merosini qaytarib olish harakatida Abduddorga qarshi chiqqanlari hamda ular oʻrtasida tuzilgan shartnomaga binoan Kaʼba xizmatlari, bayroqdorlik va Makka rahbarligi Abduddorning vakolatida qolgani qayd etilgan.

Al-Abdiy, al-Ibodiy, al-Abdariy ka­bi nisbatlar bilan nomlangan Abduddor qabilasi Kaʼbaning taʼmir ishlarida qatnashib, baʼzi qabilalar bilan birgalikda Hijr qismidagi devorni quradilar. Zam-zam qudugʻi qazilmasidan oldin qabila uchun Ummu Ahrad nomi berilgan quduq qaziganlar. Habashistonga qilingan ilk hijratda Abduddor oʻgʻillaridan besh erkak va bir ayolning qatnashgani, musulmonlarga qarshi tuzilgan hujjat matni shu qabila vakili Mansur ibn Ikrima tomonidan yozilgani va Qur’ondan taʼlim berish uchun Madinaga yuborilgan Mus’ab ibn Umayr ham mazkur qabilaga mansubligi maʼlum.

Quraysh bayroqdori hisoblangan Abuddor oʻgʻillari Uhud janggida Abu Sufyon va uning rafiqasi Hindning qistovi bilan birin-ketin urush maydoniga chiqadi va ularning koʻpchiligi oʻldiriladi. Makka fathidan keyin paygʻambar Kaʼbaning kalitiga doimiy egalik qilish huquqini mazkur urugʻdan boʻlgan Usmon ibn Talhaga topshirganlar[1].

Adabiyotlar

tahrir
  • Ibn Hishom. As-Sӣra. – Qohira: 1936. I, 132, 136, 138, 140, 157, 341, 376;
  • Ibn Kasir. As-Sӣra. – Qohira: 1964-66. I, 100, 101, 259; II, 216, 259;
  • Kahhola. Mu’jam qabāil al-’arab. – Bayrut: 1982. II, 723;
  • Ahmet Lütfi Kazanci. „Abdüddâr“ (Benî Abdüddâr)". TDV İA. – İstanbul: 1988. I, 177.

Manbalar

tahrir
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.