Abdulgʻofir ibn Ismoil an-Naysoburiy

Abdulgʻofir ibn Ismoil an-Naysoburiy shofeʼiy faqihi, muhaddis

Abdulgʻofir ibn Ismoil an-Naysoburiy — عبد الغافر بن إسماعيل النيسابوري — Abu-l-Hasan Abdulg‘ofir ibn Ismoil ibn Abdulg‘ofir ibn Muhammad ibn Abdulg‘ofir ibn al-Hofiz Abu Abdulloh ibn Shayx al-Kabir Abu-l-Husayn al-Forisiy an-Naysoburiy, 451/1059 — Nishopur — 529/1135) — shofeʼiy faqihi, muhaddis.

Abu-l-Hasan Abdulg‘ofir ibn Ismoil ibn Abdulg‘ofir ibn Muhammad ibn Abdulg‘ofir ibn al-Hofiz Abu Abdulloh ibn Shayx al-Kabir Abu-l-Husayn al-Forisiy an-Naysoburiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 1059-yil (hijriy 451-yil)
Vafoti milodiy 1135-yil (hijriy 529-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi shofeʼiy faqihi, muhaddis

Oilasi tahrir

O‘z zamonasining imom-peshvolaridan sanalgan Abdulg‘ofir ibn Ismoil an-Naysoburiy fasohat, balog‘at, qi­roat va hadis olimi, shuningdek, faqih va taniqli adib ham bo‘lgan.

Muhaddislar oilasiga mansub bo‘lib, ilk hadis ustozlari — otasi Ismoil, al-Qushayriyning qizi bo‘lgan onasi Ummaturrahim, ona tarafidan bobosi Imom al-Qushayriy va buvisi Fotima bint Abu Ali az-Zahhoklardir. Tafsir va usul al-fiqh darslarini tog‘alari Abu Saʼd Abdulloh va Abu Saʼid Abdulvohiddan tahsil olgan. Ota tomonidan bobosi Abdulg‘ofur ibn Muhammad ham o‘z davrining peshvo muhaddislaridan bo‘lgan.

Taʼlimi tahrir

Abdulgʻofir ibn Ismoil an-Naysoburiy ilm talabida dunyo kezib, Gʻazna, Hindiston, Xorazm yurtlariga safar qilgan. Bag‘dodda Abu Muhammad al-Javhariy va boshqalardan, Nishopurda Abu Saʼd al-Kanjaruziy va Abu Bakr Muhammad ibn al-Hasan ibn Ali at-Tabariylardan taʼlim olib, hadis rivoyat qilish uchun ijozaga erishgan. Bobosi Abu-l-Qosim al-Qushayriy, Ahmad ibn Mansur al-Mag‘ribiy, Ahmad ibn Abdurrahim al-Ismoiliy, Ahmad ibn al-Hasan al-Azhariy, Fazl ibn Muhib, Abu Nasr Abdurrahmon ibn Ali at-Tojir, Muhammad ibn Abdulloh as-Sarrom, Abdulhamid ibn Abdurrahmon al-Buhayriy va boshqalardan hadis tinglagan.

Faoliyati tahrir

Abdulgʻofir ibn Ismoil an-Naysoburiy Imom al-Haramayn Abu-l-­Maʼoliy Abdulmalik al-Juvayniydan to‘rt yil fiqh va xilof ilmini o‘rganib, mazhab ilmida peshqadamlardan bo‘lib yetishgan. Nishopur xatibligini bosh­qargan. Ko‘p yillar davomida Masjidi Aqilda dushanba kunlari asr namozidan so‘ng talabalarga hadis yozdirgan. Abdulgʻofir ibn Ismoil an-Naysoburiydan Abu-l-Qosim ibn Asokir, Abu Saʼd as-Sam’oniy va Abu-l-Alo al-Hamadoniylar rivoyat qilgan bo‘lib, undan hadis rivoyat qilgan oxirgi shaxs — Abu Saʼd Abdulloh ibn Umar as-Saffordir.

Asarlari tahrir

  • Kitāb al-arbaʼӣn“ Qirq hadisni o‘z ichiga olgan mazkur risola Berlin kutubxonasida (inv. raqam 1463) saqlanadi.
  • Majmaʼ al-g‘arāib va manbaʼ ar-rag‘āib“. 527/1133-yilda yozib tugatilgan asar, hadislardagi g‘arib kalimalar izohiga bag‘ishlangan. Sulaymoniya (Ayo Sofiya, inv. raqam 4758, 304 varaq) va Murod Mulla (Damadzoda, inv. raqam 574) kutubxonalarida saqlanadi.
  • As-Siyāq li-tarӣx Naysābӯr“. Asarda Hokim an-Naysoburiyning „Tarӣx Naysābӯr“ nomli asarida berilgan Nishopur tarixiga oid maʼlumotlar 510/1116-yilgacha kengaytirilgan. Asarga Ibrohim ibn Muhammad as-Sarifiniy (vafoti: 641/1243-yil) tomonidan „Al-Muntaxab min kitāb as-siyāq li-tarӣx Naysābӯr“ nomi ostida yozilgan xulosaning yagona nusxasi Ko‘prulu kutubxonasida (inv. raqam 1152, 145 varaq) saqlanadi. Ushbu nusxa Richard Nelson Fray (Richard N. Frye) (1965) va Muhammad Kozim al-Mahmudiy tomonidan nashr etilgan.
  • Mufhil li-sharh Sahӣh al-Muslim“. „Sahӣh Muslim“dagi nodir kalimalar izohlangan ushbu asar nusxalari topilmagan.
  • Hadiyya al-’ārifӣn“da Abdulgʻofir ibn Ismoil an-Naysoburiyning „Tanqih al-manāzir li-uli-l-absār va-l-basāir“ va „Ravza al-fāiqӣn“ nomli yana ikki asari mavjudligi aytiladi.

Vafoti tahrir

Ibn Kasir olim nomini 551-yilda vafot etganlar orasida zikr etib, xatoga yo‘l qo‘ygan. Abdulgʻofir ibn Ismoil an-Naysoburiy 1135-yil (hijriy 529-yil)da Nishopurda vafot etgan[1].

Adabiyotlar tahrir

  1. Ibn Xallikon. Vafayāt. — Bayrut: 1968-72. III, 225;
  2. Az-Zahabiy. Tazkira al-huffāz. — Bayrut-Lubnan: „Dor al-kutub al-’ilmiyya“, 1998. IV, 49;
  3. As-Subkiy. Tabaqāt ash-shāfi’iyya al-kubrā. 1994. VII, 172;
  4. Ibn al-Imod. Shazarāt az-zahab. — Damashq-Bayrut: „Dor Ibn Kasir“, 1986. VI, 152;
  5. Al-Asnaviy. Tabaqāt ash-shāfi’iyya. — Riyoz: 1981. II, 275-276;
  6. Ibn Kasir. Al-Bidāya. — Bayrut: 1981. XII, 235;
  7. Kahhola. Mu’jam al-muallifӣn. — Bayrut: „Dor ihyo at-turos“. V, 267;
  8. M.Yaşar Kandemir. „Abdülgāfir yel-Fârisî“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 203-204;
  9. Imom Shamsiddin Zahabiy. Mashhur daholar siyrati. — T.: „Hilol-nashr“, 2017. 52.

Manbalar tahrir

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.